Prezident Shavkat Mirziyoyev yevrokomissarlarni qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela hamda Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni joriy yil oktyabr oyida Bryusselga oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekiston Prezidentiga Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning samimiy salomlarini yetkazdi.
O‘zbekiston yetakchisi yevrokomissarlarni Toshkentda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchinchi iqtisodiy forumi va Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda yakunda mintaqaviy miqyosdagi bir qator yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirilgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston – Yevropa munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi keng qamrovli kun tartibi shakllangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bu yil Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) imzolandi, Samarqand va Bryusselda sammitlar bo‘lib o‘tdi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi yuzasidan Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar yakunlandi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb 7 foizga o‘sdi. KShHBning amaliyotga joriy etilishi savdo hajmi va investitsiyalar oqimining sezilarli darajada oshishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasi, transport, raqamlashtirish, muhim minerallar, energetika, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor sohalarda hamda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter