Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noodatiy aksiya: Yevropa diplomatlari Botanika bog‘ini orasta holga keltirishdi (foto)

Noodatiy aksiya: Yevropa diplomatlari Botanika bog‘ini orasta holga keltirishdi (foto)

YeIning yurtimizdagi elchisi Toyvo Klaar tozalash tadbirida.

Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi delegatsiyasi O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Toshkentdagi Botanika bog‘ida keng ko‘lamli tozalash kampaniyasini o‘tkazdi. Ushbu tadbir YeIning har yili bo‘lib o‘tadigan global ekologik tashabbusi – Yashil diplomatiya haftaliklarining bir qismi hisoblanadi.

Botanika bog‘idagi tozalash aksiyasida YeIga a’zo davlatlar elchixonalari vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ko‘ngillilar va yoshlar qatnashdi.

Noodatiy aksiyadan ko‘zlangan maqsad “Toshkentning yuragi” deb atalgan, o‘zida 2000 dan ortiq o‘simlik turini jamlagan eng muhim yashil hududni qo‘llab-quvvatlash hamda keng jamoatchilik orasida ekologik mas’uliyatni targ‘ib qilishdan iboratdir.

Maqsad – jamoatchilik orasida ekologik madaniyatni targ‘ib qilish.

“Atrof-muhitni muhofaza qilish har birimizdan – shaharlarimiz aholisi va mehmonlaridan boshlanadi hamda bu kundalik tanlovimizdir. Jamoatchilik joylarni toza saqlash – umumiy mas’uliyat hamdir. Hukumatlar, institutlar va hamjamiyatlarning qat’iy harakatlari muhim bo‘lsa-da, har bir insonning hissasi ham shunchalik ahamiyatli. Ushbu qo‘shma sa’y-harakat orqali Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, biologik xilma-xillikni asrash va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamladi”, – deyiladi YeI delegatsiyasi xabarnomasida.

Ma’lumot o‘rnida: har yili sentyabr oyidan noyabr oyining oxirigacha o‘tkaziladigan Yashil diplomatiya haftalari turli tadbirlar orqali dunyo bo‘ylab YeI delegatsiyalari va hamkor mamlakatlarni ekologik diplomatiyani targ‘ib qilish hamda global iqlim va biologik xilma-xillik muammolari bo‘yicha xabardorlikni oshirish uchun birlashtiradi.

Avval xabar berganimizdek, YeI o‘tgan yili Toshkent Botanika bog‘iga texnik ko‘mak ko‘rsatgan edi.

Bir muddat avval YeI O‘zbekiston hukumatining sahroga aylanayotgan hududni tiklash bo‘yicha xatti-harakatlariga ko‘mak sifatida Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekish tashabbusini amalga oshirgandi.

Ekologik tashabbuslar qatorida Yevropa harakatlanish haftaligini (European Mobility Week) ham esga olish mumkin. Piyoda, velosipedda yoki jamoat transportida harakatlanishni keng targ‘ib etish orqali transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish, ekologiyani muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda energiya manbalarini tejash ko‘zda tutilgan loyihaga Toshkent ham 2019 yildan qo‘shilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring