Toshkentda prokuror yordamchisi qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs qo‘lga olindi.
Qayd etilishicha, 2025 yil sentyabr oyiga qadar Shayxontohur tumani prokurori yordamchisi lavozimida ishlagan, hozirda esa Uchtepa tumani prokurori yordamchisi sifatida faoliyat yuritayotgan shaxs xizmat mavqeidan foydalanib jinoyatga qo‘l urgan.
U yakka tartibdagi tadbirkorga Shayxontohur tumanida joylashgan ikki uyning yerto‘la qismidagi noturar maydonlarni ijaraga olib berishini aytib, bu ishni hal qilib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u mazkur mablag‘ni o‘ziga tegishli avtomashinasida olgan vaqtida, hodisa joyidan qochishga uringan chog‘ida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Hurmatli fuqarolar, shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz so‘raladi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi DXX xabarida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter