Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi

Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi

Foto: Xabar.uz

Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.

Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.

2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring