Sentyabrdan yo‘lovchilar yo‘l haqini avtobusga chiqishi bilan to‘lashi kerak bo‘ladi
2026 yil 1 sentyabrdan yo‘lovchilar yo‘l haqini avtobusga chiqishi bilan to‘lashi kerak bo‘ladi.
Yo‘l haqi validatorlar bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida quyidagi usullar orqali to‘lanadi:
- transport kartasini validatorga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
- bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida to‘lash);
- ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.
Yo‘lkira mazkur usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmaganda, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
Brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan barcha shahar avtobuslarida to‘lov qoidalari qat’iylashuvi bilan chiptasiz yo‘lovchilarni aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari ham kuchaytiriladi.
Transport nazorati inspeksiyasi hamda shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlari endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobus salonlarida ham nazorat tadbirlarini olib borishadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, yo‘lovchining avtobusda chiptasiz yurishi BHMning o‘ndan bir qismi (bugungi kunda 41 200 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter