1,2 trln so‘mdan ortiq energiya resurslari talon-toroj qilingan – O‘zenergoinspeksiya
Joriy yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 2 887 ta holat aniqlandi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining joriy yil yakunlari uchun hisobotida aytiladi.
Ushbu noqonuniy foydalanishlarning dastlabki hisob-kitob natijasiga ko‘ra, davlat manfaatlariga jami 1 trillion 243 milliard so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasi bo‘yicha 668,9 mlrd so‘m va tabiiy gaz bo‘yicha 574,7 mlrd so‘mlik energiya resurslari talon-toroj qilingan.
Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida AYoQSh va korxonalardan olingan tahlil na’munalaridan 377 ta holatda 9,3 mln litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.
Taqqoslash uchun: bu summa 2026-yil uchun qabul qilingan budjetda ko‘rsatilgan — maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash uchun ajratilgan xarajatlardan – qariyb 5, maktablardagi sport zallarini jihozlash uchun ajratilgan mablag‘lardan – 16, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish uchun ajratilgan mablag‘lardan – 8 va ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lardan 7 barobarga ko‘proq.
Mazkur holatlarga huquqiy baho berilishi uchun 2 696 ta hujjatlar to‘plami huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 5 296 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha 48 646 ta iste’molchilarga profilaktika tadbiri o‘tkazildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter