Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz o‘z uyimizda xavfda yashayapmiz...» — va’dalardan charchagan aholi (video)

«Biz o‘z uyimizda xavfda yashayapmiz...» — va’dalardan charchagan aholi (video)

Buxoro viloyati, Romitan tumani markazidagi ikki qavatli uylar ahvoli aholi yashash uchun noqulaylik tug‘dirmoqda. Mutasaddilar va’da bermoqda, ammo, amalda ko‘zbo‘yamachilikdan nariga o‘tilmayapti.

Bir nechta ikki qavatli «sovet» uylari 1965-yilda qurilgan. Tuzilishi bo‘yicha o‘tgan asr me’yorlariga mos. Bugun u namiqqan va yog‘ochlari chiriyotgan cherdak, devorlarida yoriqlar va sanitariyaga zid sharoitda «chidab» yashayotgan inshootga aylangan.

Aholi yillar davomida bir necha bor tuman hokimligi, mahalliy kengash va mas’ul tashkilotlarga murojaat qilib kelishgan. Ammo, murojaatlarga javob sifatida faqat «va’da»lar berilgan, xolos.

– Uyda kalamush, kaltakesak, hatto, ilonlar chiqayotganini ko‘rdik. Har kuni o‘zimiz va bolalarimiz salomatligidan qo‘rquvda yashaymiz. O‘ta ta’mirga muhtoj. Murojaat qilib bormagan joyimiz qolmadi. Rahbarlar ko‘zimizga qaramaydi, – deydi mahalliy aholidan biri.

Tahririyatimizga ushbu murojaat joriy yilning sentyabr oyi oxirlarida kelib tushgan edi. Mazkur murojaat yuzasidan manzil sari yo‘l oldik. «Qaysidir mahallaga kirishdan oldin eshigini taqillat» degan qoidaga amal qilib, yo‘ldayoq Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Murojaatga ko‘ra, aholi o‘z «domi» ahvolidan judayam norozi ekani, necha yillardan buyon turli tashkilot va idoralarga murojaat qilishmasin, ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotgani xususida bildirdik. Tuman hokimidan jo‘yali javob oldik: «Mas’ullarimni jo‘nataman. Agar holat haqiqatan ham shunday bo‘lsa, muammo hal etiladi», – dedi u.

O‘tgan asrning uyi, bugunning muammosi

Biz tuman markazida joylashgan Zarafshon MFY hududidagi Sadriddin Ayniy ko‘chasi 2- hamda 4-uylarga yetib keldik. Uy devorlari to‘kilib, suvoqlari eskirib ketgan. Ikki yon tarafdan temir armaturalari chiqib turgan devorlar, chirib ketgan cherdak, yorilib ketgan zinapoyayu tom usti shefirlari, qarovsizlikdan achinarli ko‘rinish kasb etgan uy orqa qismi ... tahlikali holatni esga soladi. Bir qarashda, «hozirgi zamonda ham shunday «dom»lar qolganmi?» deb o‘ylash qiyin emas. Bu yerda bolalar o‘sayapti, qariyalar yashayapti. Hech qanday bolalar o‘yingohi yo‘q. «Dom» «tug‘ilganidan» boshlab, o‘z-o‘zini suv bilan ta’minlash (issiq va sovuq suv yetkazib beruvchi quvurlar yo‘q) tizimiga, ya’ni yer usti suvini to‘plab borish uchun qazilgan qo‘lbola o‘ralardan foydalanishga moslashgan. Suv ta’minoti yo‘qligi bois, odamlar haligacha qo‘lbola suv o‘ralaridan foydalanishga majbur. Afsuski, usti yopiq bo‘lishiga qaramay, bu o‘ralar ichida yig‘ilib qolgan suvlar anchadan beri to‘xtab qolgani uchunmi noxush hid tarqatadi. O‘ra chang va qum zarralari bilan qoplanib, turli hashorat va kasalliklar o‘chog‘iga aylangani ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Ammo, aholining ham o‘z e’tiborsizligi sabab tug‘ilayotgan muammolar yo‘q emas. Pod’yezlarda odamlarning o‘zboshimchaligi bilan tortilgan va xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagan holda osilib yotgan ochiq elektr simlarini ko‘rib, hayratimiz yanada oshdi. Kamiga ayrim fuqarolar uyning yon taraf devorlarini o‘yma-teshik qilib, undan qaysidir xizmatlari uchun foydalanishgan. Atrof tozalanmagan, begona o‘t va yantoqlar bosib yotibdi. Daraxtlarga ishlov berilmagan. Achinarli ahvolda.

Uydan ilon chiqsa, bu sanitariya emas, xavfsizlik muammosi!

Uydan ilon, kaltakesak, yurmonqoziq va hatto, kalamush chiqib turgan bir paytda, bu faqat sanitariya muammosi emas – bu inson xavfsizligi muammosidir. Aholi bu masalada bir marta emas, bir necha marta mutasaddi idoralarga, mahalliy hokimiyatga murojaat qilgan. Lekin, javob bitta: «O‘rganamiz», «Va’da beramiz», «Hal qilamiz». Va’dadan boshqa natija yo‘q.

– Biz charchadik, – deydi yana bir fuqaro. – Har yili uy uchun xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyaga belgilangan miqdordagi pulni to‘lab kelamiz. Uyning tashqi fasadi, tom qismi, zina va uning devorlarining ta’mirini talab qilsak, «senlar o‘zi qancha to‘laysanlar!» degan po‘pisani eshitamiz. Bu xizmat miqdorining oz yoki ko‘pligini biz belgilab qo‘ymagan bo‘lsak, axir. Shundoq  tuman markazida yashaymiz. Tashlandiq va xarob manzarani ko‘rib turibsizlar. Necha marta hokim qabuliga ham kirdik. Natija yo‘q.

Fuqarolarning so‘ziga ko‘ra, ikki qavatli bu uylarda amalga oshirib kelinayotgan ishlar sifatsiz va ko‘zbo‘yamachilikka asoslangan. Biror marotaba sidqidildan bajarilmagan. Hatto, bir necha bor ustalarning ham mehnat haqlari to‘lanmagan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu uylarga «Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.

– Bizga bu servais kompaniya xizmati umuman kerak emas. Kompaniya rahbari Aslon Atoyev say’-harakatlaridan mutlaqo norozimiz. U hech qachon bizni eshitmagan, eshitgan taqdirda ham e’tibor qaratmay, muammolarni o‘z holiga qoldirib kelgan, – deydi keyingi fuqaro.

– Alam qiladigani nima, bilasizmi, pod’yezdlar oldiga o‘rindiqlar o‘rnatishdi. Biz «dom»imiz tarixidagi bu o‘zgarishdan rosa xursand bo‘ldik. Surat va videolarga olishdi. Afsuski, kun o‘tmay, o‘zlari o‘rindiqlarni olib ketishdi. Uyat, sharmandalik-ku, bu, axir! Bu qiliqlaridan o‘zlari kulgiga qolishdan uyalishmaydimi? – so‘zlaydi yana biri.

«Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Aslon Atoyev

Biz esa surishtiruv davomida aholining savoliga Aslon Atoyevdan javob kutdik. Kompaniya rahbari: «O‘rindiqlar bor, turibdi» – degan mujmal javobdan nariga o‘tmadi.

«Zamhokim» ogohlantirdi: «Kompaniya rahbarini daraxtga bog‘lab qo‘yaman!»

Surishtiruv davomida tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘raqul Mustafoyev ham hozir bo‘ldi. U dastlab, bu masala bo‘yicha intervyu berishdan bosh tortdi. «Meni olish shart emas, meni olib o‘tirmang!» deya kameraga olmasligimizni so‘radi. Biz esa uning tuman hokimi tomonidan savollarimizga javob berish uchun yuborilgani, agar javob bermasa, jarayonga ishtirok etishi ham shart emasligini eslatdik. Shundan so‘nggina hokim o‘rinbosari savollarimizga javob berar ekan, u aholi bilan yuzma-yuz muloqotda qayta-qayta «zamhokim» sifatida va’da beraman»dan to‘xtamadi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘raqul Mustafoyev

– Sevis kompaniya shu paytgacha nima xatti-harakat qilgan – bu bilan shug‘ullanishadi. Xalqning oldida aytayapman, biz halqimiz uchun kerak bo‘lsa, bunday rahbarlarning besh-o‘nta, kerak bo‘lsa, yuztasidan ham voz kechamiz. Men «zamhokim» sifatida aytayapman. Bugun 18 sentyabr bo‘lsa, 1 oktyabr sanasidan ishni boshlaydi. Bu dasturda bormi-yo‘qmi, kissasida puli bormi-yo‘qmi, qarz oladimi, chorvasini sotadimi, mashinasini sotadimi, bu menga qiziq emas. Men «zamhokim» sifatida talab qo‘yaman: 1 oktyabr sanasidan ishni boshlaydi. Bajaramiz. Davlat bu lavozimga bizni ishonib qo‘yibdimi, men sizlarni aldamayman. Va’da berganimdan keyin «zamhokim» sifatida so‘zimning ustidan chiqishim kerak. Oxirgi gapimni aytayapman: sizlar ishonmayapsizlar, ammo, 20 oktyabrdir balki, oxiri, o‘sha payt sizlar bilan gaplashamiz. 1 oktyabrdan shu yerda bo‘laman. Mas’ulimni olib kelaman. Kompaniya rahbarini ana bu daraxtga bog‘lab qo‘yaman (barmog‘ini bigiz qilib) 15 kun ketmaydi shu yerdan. Buni men «zamhokim» sifatida aytayapman: ustalar 2 oktyabrda kelmaydi, 1 oktyabrda keladi. Undan oldin kelsa keladiki, bir kun kechikmaydi. Ortiqcha gap kerak emas! – deydi Jo‘raqul Mustafoyev har ikki so‘zining birida «zamhokim»ligini eslatib qo‘yayotgandek.

Jurnalistik surishtiruvdan keyin... «remont»?

Jurnalistlar tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvning ertasigayoq tuman hokimi o‘rinbosari ushbu uyni ta’mirlash uchun ish boshlanganini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, ta’mirlash guruhlari ham kelgan. «Ta’mirlash ishlari avjida, kuch-g‘ayrat bilan bajarilayotgani» aks etgan surat va videotasvirlar jo‘natildi.

Ammo, aholining ta’kidlashicha, ta’mirlash ishlari faqat rang berish, bir necha devorni chala bo‘yash va qisman og‘riqli joylarni yopish bilan cheklangan.

– Ularning ishlari ham, gaplari ham yolg‘on. Faqat siz jurnalistlar kelganda, biroz harakatga tushishdi. Keyin yana hammasi avvalgidek tinch va jim bo‘lib qoldi.Bu –ta’mir emas, ko‘zbo‘yamachilik. Hammasi sifatsiz, materiallar arzon, ishlar chala. Yuza qatlami ko‘chib tushayotgan devorlariga qisman qo‘l tekkizilgan. Yoriqlar ham o‘sha-o‘shaligicha qolgan, – deya tasvirlar orqali izohlab, bizga yana qayta murojaat qilishdi fuqarolar. Rahbarlar esa javob berish o‘rniga – va’dalar bilan cheklanmoqda, – deyishadi odamlar kuyinib.

Yengil-yelpi, shunchaki, «yuring, ketaylik»ka qilingan ta’mirlash ishlariga jalb etilgan ustalarning ham mehnat haqlari berilmagan. Devorlar tagiga oddiy rang surtilib, «bitta qatlam bo‘yoq» bilan ta’mirlandi, deb hisoblangan.

– Bizga sifatsiz va yaroqsiz qurilish mahsulotlarini keltirib berishsa, nima qilaylik. Cho‘ntagimizdan xarid qilmaymiz-ku! Bir kun o‘tgach, supirib, artilsa, o‘chib ketadigan moybo‘yoqlardan boshqa nimani kutish mumkin?! – deyishadi ustalar.

«Buyog‘iga bir yordam qiling, jurnalist opa... »

 Ushbu holatlar yuzasidan aniq amaliy yechim ko‘rsatilmagan. Mahalliy aholi tuman hokimi o‘rinbosari o‘shandan buyon ko‘rinmagani, o‘sha kuni umumiy va’dalar bilan osongina «qutilib» olganini iddao qilishdi. Shirkat raisi esa aholi bilan muloqotdan qochayotgani, murojaatlarga javob bermayotganini bildirishdi.

Biz esa mas’ullardan: «Kirish yo‘llarini tugatib berdik. Fasad qismini ham boshlayman... Buyog‘iga bir yordam qiling, jurnalist opa, qo‘ldan kelgancha harakat qilyapmiz», – degan javob oldik.

«Buyog‘iga bir yordam qiling» – jurnalistlar uchun tanish iboraga aylanib qolgan. Shunga qaramay, biz ularga «bir yordam» qildik: ijobiy natijani roppa-rosa bir oy kutdik. Aholiga berilayotgan va’dalar bajarilmas, «ta’mirlandimi-ta’mirlandi» qabilidagi harakatlar davom etaverar ekan, xalqning ishonchi so‘nib boraveradi. Muammolar esa yechim emas, bahona tagiga ko‘milib ketaveradi. Javobgarlik esa «buyog‘iga bir yordam qiling» degan jumla ichida yo‘qolib ketmasligi kerak. Jamiyat o‘zgarishi uchun birinchi navbatda mas’ullar o‘z qarashini o‘zgartirishi, va’dalarni emas – amalni tanlashi lozim.

Masalaning yechimi bor, lekin, mas’uliyat kerak

Bugun zamon bilan hamnafas yashash uchun kurash kechayotgan bir pallada «sovet» uylarini to‘liq rekonstruksiya qilish – ichki va tashqi tuzilishini zamonaviy talablarga moslashtirish haqida o‘ylab ko‘rilmagan. Hokim o‘rinbosari esa yechimni «dom»ning «openbudjet»ga tushmayotgani muammosiga taqamoqda.

Bunday vaziyatlarda balki, ta’mirlash jarayonini mahalla va fuqarolar ishtirokida tashkil etish hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash kerakdir, nazarimizda. Shuningdek, mas’ul shaxslarning javobgarligini belgilash hamda amalga oshmagan va’dalar uchun hisobot berish tizimini joriy etishda tuman hokimi shaxsan aralashuvi eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Bu og‘riqli masala faqat bitta uy yoki bir mahallaga xos emas. Fuqarolarning ovozi yetib bormayotgani, va’da berib, bajarilmay, ayrim mas’ullarda o‘zini oqlash amaliyoti keng tarqalgani, shaxsiy javobgarlikning yo‘qligi muammolarning yechimsiz qolishini ta’minlayveradi.

Vaqt keldi: mas’ullar mahalliy muammolarni yuzaki emas, yechimli yondashuv bilan hal qilish, aholiga sharoit yaratish, xalq manfaati oxirgi o‘rinda qolmasligini ta’minlashni unutilmasligi lozim.

1965 yilda qurilgan uy bugun faqat «eski bino» emas, balki, muammolarning jonli namunasidir. Agar biz bu uyning ta’miriga faqat bo‘yoq bilan yopishtirish, deb qarasak, ertaga yana shunday o‘nlab uylar, yuzlab fuqarolar minglab va’dalar ostida qolib ketaveradi.

Va’da emas, amaliy harakat kerak!

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring