Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoro energetikasida yangi bosqich: shamoldan elektr energiyasi

Buxoro energetikasida yangi bosqich: shamoldan elektr energiyasi

Foto: Xabar.uz

«Buxoro viloyatidagi Bash va Jongeldi massivlarida barpo etilgan shamol elektr stansiyalari bugun mamlakatning «yashil» energetika salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda»,—deya «Xabar.uz»ga ma’lum qildi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olimjon Jo‘rayev.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani markazidan qariyb 180 kilometr uzoqlikda joylashgan Ko‘kcha massivining Bash hududida Saudiya Arabistoni Qirolligining «Acwa Power» kompaniyasi investitsiyasi asosida barpo etilgan shamol elektr stansiyasi to‘liq quvvatda ishlamoqda. Jongeldi va Bash massivlarini qamrab olgan, umumiy qiymati 650 million AQSh dollariga teng mazkur loyiha mamlakat energetika sohasidagi eng yirik xalqaro investitsiya dasturlaridan biri hisoblanadi.

Loyiha doirasida jami 158 ta shamol turbinasi o‘rnatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular joriy yildan boshlab, yiliga qariyb, 4 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bu hajm mamlakatda iste’mol qilinayotgan elektr energiyasining qariyb 6,5 foizini ta’minlashga qaratilgan. Ishlab chiqarilayotgan energiya yuz minglab xonadonlar, ijtimoiy obyektlar va sanoat korxonalarini barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.

Buxoro viloyati Energetika boshqarmasi mas’ullarining ta’kidlashicha, mazkur loyiha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish, atmosferaga zararli gazlar chiqindisini kamaytirish, tabiiy gaz tejamkorligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.

— Mazkur majmua zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari asosida faoliyat yuritadi. Shamol tezligiga qarab, avtomatik tarzda ishlaydi. Bu esa elektr energiyasini barqaror ishlab chiqarish, uskunalar xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, stansiyaning ishga tushirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ulushini oshirish bilan birga, tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirishga ham xizmat qilmoqda,—deydi Shamol elektr stansiyasi mutaxassisi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring