Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda joriy yil salkam 27 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan

Buxoroda joriy yil salkam 27 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati hududida o‘tkazilgan monitoringlar davomida 1180 ta holatda 26,7 gektar yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu maydonlarda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish holatlari aniqlangan.

Bu haqda Kadastr agentligining Buxoro viloyati Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanidan ochiqlandi.

Kadastr agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan 2026 yilning o‘tgan 5 oyi davomida yer nazorati, ko‘chmas mulklarni xatlovdan o‘tkazish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirilgan. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida yerlarni noqonuniy egallagan shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Profilaktik tadbirlar natijasida 677 ta holat bo‘yicha 11,3 gektar yer maydonidagi qonunbuzilishlar joyning o‘zida bartaraf etilgan.

Shuningdek, 6,6 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni buzish va yerlarni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 183 ta da’vo arizasi kiritilgan.

Kadastr agentligi axborot siyosati masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi Ne’matjon Atamuratovning so‘ziga ko‘ra, Buxoroda 78 mingdan ortiq obyekt xatlovdan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, 2024–2026 yillar davomida 287 ta mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 99 ta mahallada mazkur ishlar joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan.

Joriy yilning 5 iyun holatiga ko‘ra, reja-grafik asosida 78 265 ta obyekt xatlovdan o‘tkazilgan. 30 167 tasi «E’tirof» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan bo‘lsa, yana 19 434 ta obyekt muhokama jarayonida turibdi.

Afsuski, qayd etish joizki, Buxoroda 5 963 nafar fuqaroning mulkiy huquqi hujjatlashtirilgan bo‘lsa-da, shundan 3 489 nafari hozirga qadar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan.

Aholi o‘rtasida o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirish va yetarlicha huquqiy bilimga ega bo‘lmaganlik oqibatida birgina Buxoro viloyatining o‘zidan 5 oy ichida 1 101 ta murojaat kelib tushgan. 826 tasi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatini tashkil etsa, 499 tasi turli yuqori turuvchi organlarga yuborilgan murojaatlardan iborat.

Aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari kuchaytirilganiga qaramasdan, ular orasida o‘ta bamaylixotir va e’tiborsiz holatdagi shaxslar ham yo‘q emas.

Mutasaddilarning qayd etishicha, yer munosabatlari sohasida qonunbuzilishlarni bartaraf etish, mulk huquqlarini rasmiylashtirish va aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Shuning uchun «Kadastr kerak emas» degan xulosa to‘g‘ri bo‘lmaydi. Lekin, fuqarolarning tanqidi ham asosli: nazoratning o‘zi emas, natija muhim. Agar odam yerini oson rasmiylashtirolmasa yoki noqonuniy qurilishlar barham topmasa, statistika qancha yaxshi bo‘lmasin, aholida norozilik saqlanib qolaveradi.

«Kadastrning asosiy vazifasi yerlarning qonuniy hisobotini yuritish, mulk huquqni rasmiylashtirish, yer talon-tarojiga qarshi nazorat qilish, davlat reyestrini shakllantirish va kelajakda mulkiy nizolarning oldini olish. Lekin, shunga qaramasdan, odamlar ko‘pincha natijaga qarab baholaydi. Agar noqonuniy qurilishlar yillar davomida saqlanib qolsa, hujjatlashtirish jarayoni qiyin va uzoq bo‘lsa, murojaatlar ko‘payib ketsa, fuqarolar o‘z mulkini rasmiylashtirish uchun oylab yugursa, ularda tabiiy ravishda: «Kadastr nazorat qilayotgan bo‘lsa, nega yana muammolar shuncha ko‘p?»—degan savol tug‘iladi. Odamlar kadastrni hisobotlar va raqamlar orqali emas, o‘z muammosi qanchalik tez hal bo‘lgani orqali baholaydi. Agar fuqaro hujjatini bir necha kunda rasmiylashtirsa, murojaatiga tez javob olsa va yer bilan bog‘liq muammosi hal etilsa, «Kadastr nima qilyapti?» - degan savolning o‘zi tug‘ilmaydi. Shu nuqtai-nazardan qaraganda, kadastrning asosiy vazifasi qonunbuzilishlar sonini sanash emas, yer munosabatlarida tartib, shaffoflik va fuqarolar uchun qulaylikni ta’minlashdan iborat. Bundan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishda hamkasblar hamkorligiga tayanamiz»,—dedi Ne’matjon Atamuratov jurnalistlar bilan uchrashuvda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring