Farg‘onada elektr va gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Farg‘ona viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq bir qator holatlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rishton tumanida «Z.K.» oilaviy korxonasi rahbari G‘.G‘. «Zoxidon» MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 164,1 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan. Uning muqaddam sudlangani qayd etilgan.
Bag‘dod tumanida esa YaTT «A.D.» «Qo‘shchinor» MFYdagi noturar binosida elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 134,7 mln so‘mlik elektr energiyasini noqonuniy ishlatgani ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona tumanidagi tezkor tadbirda «Q.S.» MChJ mas’ul shaxslari ham qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, ular «Nurafshon» MFYdagi do‘konda umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan. Natijada 118 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani qayd etildi. Barcha holatlarda energiya resurslari tijorat maqsadida ishlatilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi, ya’ni o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter