«Golden House» tanqid uchun mijozlaridan jarima undirishga uringan
Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoq orqali «Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi? » mazmunida qoldirilgan murojaatni o‘rganib, rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, «Golden House» uylariga xaridor bo‘lib borgan iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolishi, shuningdek, mijozlar bu quruvchi firma ustidan shikoyat qilgan taqdirda korxonaning ishchanligi obro‘siga putur yetkazilgan deya yana unga jarima qo‘llanishi holatlari o‘z tasdig‘ini topgan.
«Ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilish shartnomasi shartlarida iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilgan taqdirda hamda ushbu kompaniya faoliyatiga nisbatan norozilik bildirib OAV, tegishli idora va tashkilotlarga murojaat qilinishiga ham shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolinishi iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlardan biri ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 4, 6, 21 va 23-moddalari talablari asosida «Golden House Property Group» MChJga qonun buzilishi holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish choralarini ko‘rishi yuzasidan belgilangan tartibda ko‘rsatma berildi», – deyiladi Qo‘mita munosabatida.
Shu bilan birga, «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari raqobat to‘g‘risidagi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishi shart ekanligi eslatilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter