Iste’molga aylangan dunyo: kiyimlar – oq ayiqlar, afrikalik bolalar va arzon ishchilar
Esimda yo‘q, bir hikoya o‘qigandim, unda katta shaharning o‘rtasida odamlar kiyimsiz qoladi. Bu kutilmaganda sodir bo‘ladi... Odamlar ustidagi kiyim to‘satdan parchalanib, erib ketadi. Chunki ular bir martalik kiyimlar edi. Uzoq vaqtga chidaydigan kiyimlarni faqat o‘ta boy insonlargina sotib oladi. O‘sha hikoyani o‘qiganimda bir martalik idishlar ishlab chiqilishi mumkinligini tasavvur qila olmaydigan vaqt edi...
Zamonaviy jamiyat rivojlanishning navbatdagi bosqichiga – ortiqcha iste’mol jamiyatiga kirdi, deb bong urmoqda tadqiqotchilar: haddan tashqari iste’mol – bu normal ehtiyojlardan oshib ketadigan iste’mol, zararli bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish va narsalar qiymatining keskin pasayishiga olib keladi. Ortiqcha iste’mol jamiyatida sodir bo‘ladigan jarayonlar ma’nosiz, chunki mahsulotlarni uloqtirish uchun ishlab chiqariladi, qoniqmaganlik uchun ehtiyojiga qarab emas, ermakka, nafsiga qarab iste’mol qilinadi. Xarid qilish shunchaki sevimli mashg‘ulotga aylanadi.
Me’yordan ortiq iste’mol qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lgan hodisa, ammo ilgari faqat tor doiradagi odamlar ortiqcha iste’mol qila olgan, bugungi kunda bu keng jamoatchilik uchun odatiy holga aylandi. Haddan tashqari iste’mol qilish zamonaviy davrning yana bir muammosi.
Ishlab chiqarish odamlarning ehtiyojlari uchun emas, balki iste’mol qilinmay, to‘liq iste’mol qilinmay, to‘liq ishlatilmay tashlangan narsalar bilan to‘lib-toshgan chiqindi qutilari uchun ishlaydi. Ya’ni iste’mol qilinganidan ko‘ra ko‘proq narsa qayta ishlanadi.
Keling, biz tez-tez sotib oladiganimiz – kiyimlar misolida tahlil qilamiz. Moda industriyasi shu qadar avj oldiki, tezkor moda degan yangi so‘z kirib keldi...
Tezkor moda nima?
Tezkor moda (fast fashion) – bu zamonaviy modaning bir qismi bo‘lib, u jadal ravishda yangilanadigan va arzon narxlarda taklif etiladigan kiyimlarga asoslangan. U reklamalar, turli chaqiriqlar, aksiyalar, sovg‘alar bilan sizni domiga tortib ketadigan choh, kattagina girdobki, nafaqat xaridorni, balki Yer sayyorasini ham yutib yuborishga tayyor...
Avvalo, mahsulotlarni arzonlashtirishga intilayotgan kompaniyalar sifatdan voz kechishadi. Natijada kiyim-kechaklar tezroq eskiradi, bu esa sizni tezroq yangilarini sotib olishga majbur qiladi. Endi biz yigirma yil oldingiga qaraganda 400 foiz ko‘proq kiyim sotib olamiz. Ular 15 yil oldinga nisbatan 36 foiz kamroq kiyiladi, ya’ni uning umri ustingizda juda tez tugaydi, tugamasa ham o‘zingiz uloqtirasiz – 85 foiz odamlar kiyimni eskirmasdan axlat qutisiga tashlashni tanlaydi. Masalan, Rossiyada har yili 2 million tonnaga yaqin kiyim-kechak tashlanadi. Rossiyalik ekoko‘ngillilarning tashvishicha, ulardan ba’zilari mutlaqo yangi, sotilmagan, hatto egalariga yetib bormagan narsalardir. Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Savdo Komissiyasi xabariga ko‘ra, Amerika 2020 yilda to‘qimachilik va kiyim-kechak importiga qariyb 127 milliard dollar sarflagan, bu o‘rtacha iste’molchi har yili 81,5 funt (37 kilogramm) kiyimni axlatga uloqtirdi degani, ya’ni har yili barcha to‘qimachilik mahsulotlarining 85 foizi, taxminan 11,3 million tonna to‘qimachilik chiqindilari chiqindixonaga tushadi – butun mamlakat bo‘ylab odamlar sekundiga 2150 dona kiyimni uloqtirishmoqda.
Sayyoramizdagi har bir odam yiliga o‘rtacha 13 kilogramm kiyim sotib oladi. Ammo bu raqam mamlakatga qarab juda farq qiladi, misol uchun britaniyaliklarning kiyim javoni har yili 27 kilogrammga to‘ldiriladi.
Eng mashhur H&M, Zara, Forever kabi tezkor moda brendlari o‘z kolleksiyalarini haftada bir marta yangilaydi! Demak barqaror bo‘lmagan moda uzluksiz yangilanadi, to‘xtovsiz mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu tendensiyaning dastlabki bosqichlarida bu do‘konlar kiyim-kechaklarni arzon narxlarda taklif qilish bilan mashhur edi. Endi esa iste’molchilar Shein va Temu kabi onlayn-do‘konlarga ko‘proq e’tibor qaratishmoqda – shu kunlarda kuzatayapmizki, bu onlayn do‘konlar tufayli kiyim iste’moli o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.
E’tibor qiling-a, moda sanoati har yili ishlab chiqaradigan 100 milliard kiyim-kechakning 92 million tonnasi to‘qimachilik chiqindilarini hosil qiladi, afsuski har mavsumda ishlab chiqarilgan kiyimlarning taxminan 30 foizi hatto sotilmaydi. Agar tendensiya davom etsa, o‘n yil ichida moda chiqindilari yiliga 134 million tonnagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Resurslar isrofi va ekologiya
To‘qimachilik sanoati havoni ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha aviatsiya va neftdan keyingi o‘rinlarni egallaydi. Ya’ni bugungi kunda moda sanoati barcha karbonat angidrid chiqindilarining 10 foizini ishlab chiqaradi – yiliga 1,7 milliard tonna. Sanoatning suv ob’yektlarini ifloslantirishda 20 foiz ulushi bor. Bu matolarni qayta ishlash va bo‘yash natijasidir. Yana bir muhim ko‘rsatkich – jahon okeanining mikroplastmassalar bilan ifloslanishi 35 foizni tashkil qiladi. Har yili to‘qimachilikdan 200 000 dan 500 000 tonnagacha mikroplastmassa suvga tushadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, mikroplastmassalar tom ma’noda hamma joyda: Everestdan tortib Mariana botig‘ida, tuz va suvda, hatto inson qonida, o‘pkasida mavjud.
Suvning ikkinchi yirik iste’molchisi kiyim ishlab chiqarish sanoatidir – yiliga 1,5 trillion tonna. Tassavur qiling – bitta paxta ko‘ylak ishlab chiqarishga 3000, bir dona futbolkaga 2700, bir juft jinsi shimga 7000 litr suv ketadi. Ma’lumot uchun, har yili dunyo bo‘ylab 2,2 milliard juft jinsi shimlar sotiladi. Kiyim uchun xom ashyo hisoblangan bir kilogramm paxta yetishtirishga 10 000 litr suv kerak. Bir dona futbolkaga ketadigan suvni esa bir inson 900 kun ichishi mumkin. Bitta paxta futbolka va bir juft jinsi shim ishlab chiqarishga ketadigan suv miqdorini ichish uchun insonga 13 yil kerak bo‘ladi. Ya’ni bir yarim ming nafar afrikalikning bir kunlik ichadigan suvi evaziga siz bitta futbolka kiyasiz – arzon futbolkaning ekologik narxi yorliqdagi ko‘rganingizdan ancha yuqori.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, paxta yetishtiriladigan O‘zbekistonda pestitsidlar yer osti suvlarida 150 metrgacha chuqurlikda uchraydi. Pestitsidlar tuproqdagi zararkunandalardan tashqari foydali mikroorganizmlar, bakteriyalarni ham o‘ldiradi, bu esa tuproqning degradatsiyasiga va paxta yetishtirishning pestitsidlarga yanada tobe bo‘lishiga olib keladi. Qolaversa mas’uliyatli brendlarning tabiiy paxtaga bo‘lgan talabi allaqachon ishlab chiqaruvchilar taklifidan oshib ketgan.
Tolaning o‘zi, albatta, na futbolkaga, na ko‘ylakka, na jinsi shimga aylanib qolmaydi. Buning uchun uni zavodga yuborish kerak. Fransiyaning Atrof-muhit va energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, jinsi shim paxta dalasi va do‘kon o‘rtasida 65 ming kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu xuddi Yer atrofida bir yarim marta aylangandek. Demak, jinsingiz sizdan ko‘ra ko‘proq sayohat qilgan bo‘lishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kiyim-kechaklarni tashish paytida 3dan 10 foizgacha atrofga issiqxona gazlari chiqariladi.Bu sayyoramiz va insoniyat uchun eng katta tahdidlardan biri bo‘lib qolayotgan iqlim o‘zgarishiga qo‘shilayotgan salmoqli hissadir.
Yana bir achinarli fakt: kiyim-kechaklarni kam kiyib tez tashlab yuborish va qayta ishlanmasligi tufayli har yili 500 milliard dollar yo‘qotiladi.
Kiyim uchun ishlatiladigan yana bir xom ashyo sintetika dunyodagi eng mashhur to‘qimachilik tolasi hisoblanadi. Bizdagi tushunchalar: poliester, poliamid, akril va boshqa sintetik polimerlarni o‘z ichiga olgan kiyimlar hech qanday sun’iy materiallardan iborat emas. Ular tabiiy qazilma xom ashyo – neftga asoslangan. Har yili moda sanoati uchun 48 million tonnaga yaqin neft ishlab chiqariladi.
Neft qazib olish va qayta ishlash atmosferaga katta hajmdagi zararligazlarni, chiqaradi. Afsuski tuproq, okeanlar va o‘rmonlar uni tezda qayta ishlay olmaydi, gazlar atmosferada to‘planadi, sayyorani isitadi va iqlim inqirozini keltirib chiqaradi. Qolaversa, neft qayta tiklanmaydigan resurs bo‘lib, hisob-kitoblarga ko‘ra, ma’lum manbalardan olingan neft zaxiralari atigi 47 yilga yetadi.
Qayta ishlashdan foyda yo‘q...
Kiyimlarni qayta ishlash texnologik jihatdan murakkab jarayon. Dunyo miqyosida yig‘ilgan kiyim-kechaklarning 12 foizi o‘yinchoqlarning ichini, mebelni to‘ldirish, tozalash matolari uchun qayta ishlanadi. Yangi kiyim ishlab chiqarish uchun atigi 1 foizdan kamrog‘idan foydalaniladi. Chunki kiyimlar turli xil materiallar aralashmalari – tugmalar, yorliqlardan iborat bo‘lgani sababli, materiallarni ajratish va ularni birma-bir qayta ishlash qiyin.
Choklar ostidagi beqadrlik
Biz kiyadigan yoki uloqtiradigan kiyim, tezkor moda qanchadan-qancha odamlarning qora mehnati va juda kam maosh to‘lanishi hisobiga rivojlanayotganini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Arzon kiyim-kechaklar nega hamyonbop ekanligini-chi? Uning haqiqiy narxini tikuvchilar o‘z umri va toptalgan haq-huquqlari hisobiga to‘layotganini-chi, bilarmidingiz?
Bangladeshda ishchilar 2018 yil ma’lumotlariga ko‘ra, soatiga taxminan 33 sent, Hindistonda esa o‘rtacha ish haqi 58 sentni tashkil qiladi.
2013 yilda Bangladeshdagi Rana Plaza’da ro‘y bergan falokat tikuvchilik sanoati tarixidagi eng halokatli sanoat hodisasi yuz berdi – 1134 kishi halok bo‘ldi va minglab odamlar jarohat oldi. Bu hodisa dunyoni larzaga soldi va ko‘plab tikuv fabrikalarida halokatli sharoitlarni ta’kidladi. Fabrikalardagi tizimli muammolar, masalan, zaif mehnat muhofazalari muammolari hamon keng quloch yoygan.
Tezkor moda ortidan odamlar to‘xtovsiz kiyim sotib oladi, ishlab chiqaruvchilar boyigandan boyiydi, ammo masalan bangladeshlik tikuvchilarning 91 foizi o‘zlari va oilalari uchun yetarli oziq-ovqat sotib olishga qiynalmoqda, 25 foizi esa turli zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda. O‘sha mashhur Shein brendi ishchilari o‘tgan yili ma’lumotlarga qaraganda har bir kiyim uchunto‘rt sentgacha mehnat haqi olishgan.
Kiyim-kechak sanoatidagi ayrim tikuv ishchilari uchun +96 soatlik ish haftasi odatiy holdir. Ular ko‘pincha kuniga 10-12 soat (va hatto 16-18) haftada 7 kun ishlaydi. Bu fabrikalar ularga qo‘shimcha ish soatlari uchun haq to‘lamaydi.
Tezkor moda ish sharoitlari ko‘pincha kimyoviy jarayonlarga tayanadi. Masalan, ishchilar (kamdan-kam hollarda tegishli himoya bilan ta’minlangan) zaharli kimyoviy moddalar, bo‘yoqlar bilan ishlaydi. Ular qusish, saraton kasalligining yuqori xavfi yoki immunitet, endokrin va asab tizimining buzilishi kabi barcha turdagi sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin. Shamollatish yo‘qligi va xavfli binolar kabi muammolar tufayli tezkor moda tikuvchi ishchilari ko‘pincha yong‘in va jiddiy jarohatlar, shu jumladan o‘lim xavfi ostida bo‘lishadi.
Siz balki «Nega tikuvchilar o‘sha dahshatli va g‘ayriinsoniy fabrikalarini tark etishmaydi?», deb o‘ylayotgan bo‘lishingiz mumkin.
Shunchaki, chunki ... ularda boshqa tanlov yo‘q!
Tezkor modaning rivojlanishida bolalar mehnatidan ham foydalaniladi. Afsuski, siz kiygan kiyim ortida bola bo‘lishi mumkin. Uzoqqa bormaylik, maktab o‘quvchilari yaqin-yaqingacha paxta dalalarining asosiy ishchisi hisoblangan.
Xo‘p, siz bilan biz bu tezkor moda va u tufayli yuzaga kelayotgan muammolar barham topishiga qanday hissa qo‘shishimiz mumkin: kiyim sotib olishni kamaytirish tufayli. Odamlar arzon mahsulotlardan voz kecha boshlashsa, kiyimlar sifati oshadi. Sifatli kiyim ishlab chiqarish uchun yaxshi haq to‘lanadi. Sifatli kiyim-kechak qimmatligi uchun uning qadri bo‘ladi – kamroq chiqindiga tashlanadi...
Keyingi safar tezkor moda do‘koniga borganingizda, oq ayiqlar haqida o‘ylang! Har kuni ular iqlim inqirozi va muzliklarning erishi tufayli yashash joylarini yo‘qotmoqda. Afrikalik suvga zor bolalarni ko‘z oldingizga keltiring – jinsi shim kiyishingiz uchun bir kunda uch mingdan ortiq inson suvsiz qoladi...
Bugun siz Temu’dan arzon va ko‘zni quvontiradigan bir dunyo kiyim buyurtma qildingiz, insoniy huquqlari toptalgan qaysidir fabrika ishchisi esa yaxshi mehnat sharoitlari bor joyni orzu qilmoqda...
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter