Jurnalistlar uyushmasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi
2026-yil 22-aprel kuni Toshkent shahrida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga muvofiq, Jurnalistlar uyushmasi o‘z a’zolarini jalb qilgan holda oila va xotin-qizlar masalalariga oid davlat siyosati hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shu jumladan video, audio va boshqa mediakontentlar tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlikda:
— Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar, milliy qadriyatlar va ijtimoiy loyihalarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida xorijiy auditoriya uchun ham jurnalistik materiallar tayyorlash;
— «Oltin qalam»,«Atirgul» kabi ko‘rik-tanlovlar orqali, shuningdek, ijodiy loyihalar va media tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish eng yaxshi jurnalistik materiallarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish;
— mediaturlar, matbuot anjumanlari va brifinglarda jurnalistlar ishtirokini ta’minlash;
— qo‘mita tizimi xodimlari va xotin-qizlar faollarining OAV bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etish;
— oila va xotin-qizlar hayotiga oid axborotlarni muntazam yig‘ish, tahlil qilish hamda tahliliy materiallar tayyorlash;
— milliy qadriyatlar, ijtimoiy tashabbuslar va ilg‘or tajribalarni xalqaro miqyosda targ‘ib etish uchun xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan materiallar tayyorlash;
— ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol jurnalistlar va blogerlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
— qo‘mita axborot xizmatiga jamoatchilik bilan ishlash va raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish;
— joylarda jurnalistika sohasi faxriylarini e’zozlash va ularning yubileylarini nishonlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter