Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Mening televizor ustozim” yoki o‘zbek xalqaro sharhlovchilik maktabining chinakam darg‘asi haqida

“Mening televizor ustozim” yoki o‘zbek xalqaro sharhlovchilik maktabining chinakam darg‘asi haqida

Taniqli xalqaro siyosiy sharhlovchi va mashhur notiq Qobilbek Karimbekovning ohanrabodek nutq intonatsiyasi, shirali ovozi, tinglovchiga fikrni yetkazib berish borasidagi yuksak mahorati, auditoriya bilan ishlash bo‘yicha faqat o‘ziga xos bo‘lgan texnikasi, uzoq yillik amaliy tajribasi u kishiga ana shunday ta’rif berishimizga asosiy sababdir.

Darslar interaktiv edi...

Qobilbek aka biz hali maktab partalarida o‘qib yurgan kezlarimizdayoq telekanallar orqali turkum xalqaro sharhlari bilan qalblarimizda dunyo davlatlariga, xalqaro munosabatlarning nozik tabiatiga va diplomatiya sohasiga nisbatan adoqsiz qiziqish urug‘ini ekib-ulg‘aytirgan inson.

Sayyoramizda qalqib turgan eng dolzarb muammolarni yakka holdayam, bir necha taniqli sharhlovchilar bilan birgalikda ham juda ko‘rishli tarzda olib borar edilar. Xalqaro sharhlovchilik yo‘nalishining mustahkam ustunlari – Erkin Hayitboyev, Tursun Qoratoyev, Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Nasriddin Muhammadiyev, Ahmadjon Meliboyevlarning kurrai zaminimizda ro‘y berayotgan eng qaynoq mavzular haqidagi sermazmun dasturlaridan mutlaq yaxshi jihatlarni faol o‘zlashtirgan Qobilbek aka o‘zbek tomoshabinining xalqaro hayot borasidagi ritmiga yangicha shiddat-kuch bag‘ishladi.

Radioda Qodir Maxsumov, Telman Yo‘ldoshev, Davron Zunnunovlar etagidan tutib, so‘zni qo‘llash bobida katta tajriba orttirgani bois, u kishining har bir chiqishlari bizni o‘ziga maftun etar edi.

Tili biyron, yuzidan nur yog‘ilib turadigan, serharakat va jonsarak muallif har ko‘rsatuv yakunida tinchlik-osoyishtalik qadrini qayta-qayta uqtirardi. O‘z kuchiga ishonish zamonaviy dunyoda har bir davlat uchun dasturilamal vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidlardi. Bu o‘zgarmas haqiqat bugungi kunning ham talabidir. Katta hajmdagi faktlar bayon etiladigan, bahs va fikrlar shodasiga quriladigan har bir ko‘rsatuv – men uchun bilvosita saboq edi.

Shu sababli, men Qobilbek Karimbekovni o‘zim uchun “televizor ustozim” derdim.

2000 yilda Milliy universitetning jurnalistika fakultetida u kishining bizga dars berishi haqida eshitib, juda quvondik. Talabalar uchun ana shunday kuchli notiqdan saboq olish favqulodda xursandchilik edi. Endi Ahmadjon Meliboyev, Rahimboy Jumaniyozov va Karim Bahriyevlar qatori Qobilbek Karimbekov ham darslarga kira boshlashi barchamizga ajoyib kayfiyat ulashgan edi...

U kishi darslarni erkin, interaktiv tarzda olib borardi. O‘nlab mamlakatlarda sayohatlar qilgani, har bir dars mavzusini xalqaro tajribalar bilan uyg‘un holda olib borishi, O‘zbekistonning xalqaro kun tartibidan kelib chiqib, har bir voqeaning yurtimizga ta’sirini sinchiklab tushuntirib berar edilar.

Aytish mumkin bo‘lmagan, eng qiyin muammolarni ham diplomatik silliqlik, yetuk siyosatshunos olimga xos vazminlik bilan ta’riflab o‘tardi. Saboqlar so‘ngida har bir talaba o‘zini qiziqtirgan istagan savolni berishiga imkon yaratilgan edi. Javoblardan Qobilbek aka har bir darsga puxta tayyorgarlik ko‘rishini anglardik. Bu haqiqiy pedagogning yondashuvi edi.

Shogirdlar davrasida.

“Vaqti kelsa bilib olasan...”!

Bir kuni darsda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, integratsiya jarayonlari haqida so‘z bordi. Ko‘tarilgan mavzu o‘sha davrda reallik nuqtai nazaridan nihoyatda noo‘ng‘ay edi. Mintaqadagi ayrim siyosiy yetakchilarning “o‘zim zo‘r” ambitsiyalari fonida, bir guruh jangarilarning Tojikiston va Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston hududiga sizib kirishi ta’sirida qo‘shnilarning bir-biridan damongirligi oshgan, dilxiralik kuchayib borayotgandi.

Mintaqaviy integratsiyaga uzil-kesil nuqta qo‘yilgan, birdamlik-hamjihatlik g‘oyasi o‘rniga o‘zaro ayrilish, sovuq munosabatlar jarayonlari avj olgan edi. Janubdagi qo‘shnimiz Afg‘oniston ichida esa radikal kuchlarning jazavasi kuchayib, mamlakatda katta urush tutuni ko‘rina boshlagandi.

Shunda men ustozga “Nima uchun Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon” harakati bilan aloqalarni butunlay to‘xtatdik. Qo‘shni mamlakat bilan har qanday sharoitda ham aloqalarni ushlab turish O‘zbekiston manfaatlariga javob beraydimi?” deb ilmoqli savol berdim.

Ustoz birdan qizishib ketdi. “Siz qaysi qo‘shni davlat haqida gapirayapsiz? O‘zbekistonga qarshi minglab jangari to‘dalarga bag‘ridan joy bergan kuchlar bilan do‘stona aloqa qilish mumkinmi? Xo‘sh, agar ular bilan yaxshi sheriklik olib borsak, jahon hamjiyatiga nima deb javob beramiz? Butun dunyoni o‘zimizga qarshi qo‘ymaymizmi? Unutmanglar, radikallashuv, ekstremizmning kuchayishi – musulmon davlatlarini yemiruvchi dahshatli kuch. Tashqaridan boshqariladigan bunday “katta o‘yin”ga berilmaslik kerak”, deb baland ovozda javob qaytardilar.

Ustozning vajohatidanmi, yoki ovozlarini bu qadar ko‘tarib gapirganlarini hech birimiz eshitmaganimizdanmi xonada og‘ir sukut cho‘kdi. Bu ham yetmaganday, o‘rinlaridan shaxt bilan turib, oldimga keldilar va o‘tirgan joyimda ko‘zimga tik qaradilar. Xuddi yomon bir voqea boshlanayotgandek, yer yorilsa, yerga kirib ketay, derdim. Men ham juda asabiylashdim.

Siz darsdan keyin menga uchrang”, dedilaru jiddiy ohangda, yana darsni davom ettirdilar. Tanaffus qo‘ng‘irog‘i yangragach, hamma kursdoshlarim chiqib ketishini kutdim. Katta bir jinoyat qilib qo‘ygan aybdordek, kuchli hayajon bilan oldilariga bordim.

“Avvalboshida savolingiz provakatsiondek tuyilgan edi. Biroq o‘zingizni tutishingizdan bildimki, Sizga qiziq bo‘lgani uchun ham shu savolni berdingiz. Hozir meni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘lib yurgan kaslar yetarli. Lekin bir narsani biling. Ming yillar qo‘shni bo‘lgan xalqlarni hech kim, hatto u Amerika bo‘ladimi, boshqasimi hech qachon ajrata olmaydi. Afg‘onistonda 7 million o‘zbek bor. Biz baribir bu davlat bilan yaxshi bo‘lishimiz kerak va yillar o‘tib shunday ham bo‘ladi. Lekin faqat hozir emas... Vaqti kelsa, bilib olarsiz barchasini... Endi boring. Sizni bahoingiz besh. “Zachutka” payti eslating. Shundoq qo‘yib beraman”, deb stolda yastanib yotgan mashhur qora papkalarini ustiga tap-tap etib, go‘shtdor kaftlarini urdilar-da, meni xonadan kuzatib qo‘ydilar.

Shunda men ustozning nega birdan bu qadar cho‘chib ketganini angladim. 1980 yillardagi sobiq Ittifoqning kuchli senzurasi, radio va televideniyedagi xalqaro ko‘rsatuvlarga zug‘umlar uni juda ehtiyotkor-sinchkov jurnalistga aylantirib qo‘ygan edi. Shu bilan birga, hech bir savol yoki masalaga, hatto u oddiy talaba tomonidan aytilayotgan bo‘lsin, shunchaki yengil qarab o‘tib ketmasliklariga amin bo‘ldim.

Jahondagi har bir beqarorlik o‘chog‘i, har bir urush olovi qahramonimizning qalbida achchiq chandiq qoldirar ekan. Lekin “Vaqti kelsa, bilib olasan”, deganlari chindan ro‘y berib, Afg‘oniston bilan hanuzgacha diplomatik aloqalar o‘rnatmagan bo‘lsak-da, ikki tomonlama iqtisodiy-gumanitar sheriklik yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Hozir bu davlat bilan eksport-import bo‘yicha ijobiy saldomiz bir milliard dollardan ham oshib ketdi.  

“Otajonim, shu narsa qolib ketmasin...”

Yana bir ibratli jihat. 2016 yil kuzida men “Dunyo mamlakatlari” kitobini tayyorlay boshlaganim xabarini eshitib, Qobilbek aka nihoyatda quvonib ketdilar.

Ustoz o‘zi suygan shogirdlarini suyib-ardoqlab, “Aynanay, otajonim, otaginam”, deb lutf etardilar.

“Otaginam, o‘zi bunday kitobni biz allaqachon tayyorlashimiz kerak edi. Ming afsuski, ish dedik, oila tashvishlari, bunday chog‘li ishga qo‘limiz tegmadi. Lekin tahrir hay’atiga albatta qo‘shing, men kitobni bir sidra ko‘zdan kechirib, o‘z tajribamdan kelib chiqib, foydali maslahatlarimni berishga tayyorman. Har qaysi davlat haqida yozayotganingizda birinchi galda tarixiy haqiqat pozitsiyasida bo‘ling, his-hayajonga berilmang. Ikkinchidan, faqat O‘zbekiston manfaatlari, milliy manfaatlarimiz prizmasidan o‘tkazib yozing. Shunda jurnalistlar uchun ham, xalqaro munosabatga qiziqqan oddiy o‘quvchilar uchun ham juda zarur qo‘llanma bo‘ladi. Siz buni uddalaysiz, otajonim”, deb duo qildilar.

O‘shanda bunday samimiy xayrixohlik va kuyunchaklik meni juda to‘lqinlantirgandi. O‘z shogirdining ezgu intilishlari va rejalariga qanot bo‘lishlarini ko‘rib quvondim. Davrlarning ne-ne bo‘ronu shamollaridan o‘tib kelayotgan ustozning yelkasini tutib, yoshlarni o‘stirishga ko‘mak uchun to‘liq tayyorligidan katta kuch-g‘ayrat oldim.

Qobilbek aka asli tarix bo‘yicha mutaxassis bo‘lganlari bois o‘tmishimiz haqidagi ma’lumotlarni juda yaxshi yodlab qolish salohiyatlari ham bor. Bir gal ko‘rishib qolganimizda, “Gruziya davlati haqidagi e’tiborga molik ma’lumotlar qatoriga qiziq bir faktni aytaman, albatta qo‘shing”, deb bir voqeani aytib bergandilar.

1964 yil 18 noyabrda Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida futbol bo‘yicha SSSR birinchiligining “oltin bahsi” o‘tkazildi. Bu Moskvaning “Torpedo” va Tbilisining “Dinamo” jamoalari ishtirokida kechgan tarixiy o‘yin edi. Har ikki jamoa ham chempionatda 46 ochko jamg‘argan. Bunday holatda qo‘shimcha o‘yin talab etilar edi. O‘shanda tolmas gruzinlar 4:1 hisobida g‘alabaga erishib, Ittifoq chempioni bo‘lishgan.

Shu bahsni stadiondan kuzatganman. 70 ming tomoshabin ishtirokidagi bunaqa shiddatli, bunaqa jo‘shqin o‘yinni boshqa ko‘rmaganman, otajon. Avvaliga “Torpedo” maydonda to‘liq ustunlikni qo‘lga olgandi.

Gruzinlar yutqazib turgan joyida, millatining yorqin xarakterini, bukilmas irodasi va qat’iy shijoatini yaqqol namoyish etishdi. “Dinamo” o‘z tarixida birinchi bor Ittifoq chempioni bo‘ldi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Buni albatta qo‘shing”, degandilar. Bu taklif menga juda yoqdi, kiritdim va Gruziya haqidagi bo‘limning qiziqarli bo‘lishiga xizmat qildi, deb o‘ylayman.

“Makedoniya emas, Shimoliy Makedoniya yoki Ummonni bir yoqli qilinglar”...

2020 yil qishda ustoz bilan Ichki ishlar vazirligi yonidagi maydonchada ko‘rishib qolganimizda salom-alikdan so‘ng, gurungimiz birdan yana jahon davlatlari tomonga ko‘chdi: “yaqinda Makedoniya nomi Shimoliy Makedoniya bo‘ldi-ku, Svazilend nomi ham Esvatini qilib o‘zgartirildi, albatta bunday o‘zgarishlarni qayta nashrga kiritish kerak”, deb alohida ta’kidladilar. Albatta bu maslahatlarini inobatga olmaslik mumkin emas edi.

Ummonniyam bir yoqlik qilinglar. Matbuotda turlicha yozish urf bo‘ldi. Karvonsaroymas-ku bu, otajonim”, deya har kim o‘zicha yoza boshlaganidan jiddiy xafa bo‘ldilar.

Ummonning yozilishi bo‘yicha jiddiy ixtilof kelib chiqdi.

Gap shundaki, 2008 yil 19-26 aprel kunlari O‘mon ta’lim vaziri Yaxyo bin Saud al-Sulaymiy tashrifi davomida “Jahon” axborot agentligi muxbiri sifatida intervyu olgan edim. Bir necha bor Ummon, deb ta’kidlagan so‘zlarimiz unga yoqmadi. Biz “Ummon, ya’ni dengiz emasmiz, O‘monmiz”, deya ozroq jahliyam chiqdi. Bu holat o‘sha yili avgustda yurtimizga tashrif bilan kelgan ushbu davlatning oliy ta’lim vaziri Roviya bint Saud al-Busaydiya xonim bilan muloqotda ham kuzatildi. U ham “Ummon” degan so‘zga ochiq noroziligini ham bildirdi. Agar maqola yozsak, “Ummon” emas, “O‘mon” deb yozishimiz kerakligini eslatib o‘tdi.

Bu masala bo‘yicha e’tirozlar haqidagi gaplar o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovgacha chiqdi. “Hamonki nomi tilga olinayotgan davlatning vazirlari mana bunday talqin qilinglar, deb turgan ekan, albatta ularning e’tirozini qabul qilish kerak. O‘mon deb yozinglar”, deya tasdiqladi. Shundan so‘ng biz maqolalarni O‘mon deb ishlatadigan bo‘ldik va bu ommalashib ketdi.

Keyin ham qayerda ko‘rishib qolmaylik, ko‘cha ko‘ydami (u kishi piyoda yurishni juda yaxshi ko‘radilar), majlisu turli istihomlardami, hamisha “juda yaxshi kitob yozdingiz, otajon, lekin to‘ldirilgan nashrini albatta qiling, tezlashtiring, tahrir hay’atiga meni qo‘shish esingizdan chiqmasin-aaa”, deya hazil aralash bot-bot undab-turtki berib turishlari faxr-iftixor bag‘ishlardi.

Ish jarayonida.

Oila va jamiyat muvozanatini teng ushlagan olim

2017 yilda Toshkentdagi “Kitob olami” majmuasida bir muddat ishlashimga to‘g‘ri kelib qoldi. Shunda “Yoshlar” telekanalining Shohsanam ismli muxbiri kutubxonada nihoyatda faol a’zo ekanligini kuzatdim. U kitobxonlikka bag‘ishlangan alohida ko‘rsatuvning boshlovchisi edi. Shu bilan birga, kitob taqdimotlarini yangiliklar dasturlarida yoritib borardi.

Jurnalist qiz bu yerda o‘tadigan har bir kitob taqdimotini qoldirmasdan doim kelar, mualliflar bilan yaxshi efirlar tayyorlar va bu yerda soatlab qolib, mutolaa qilar edi. Bu qizning kitobxonligi meni hayratga soldi.

Keyinroq bilishimcha, Shohsanam Karimbekova ustoz Qobilbek akaning qizi ekan. 2009 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan, lekin 2006 yildan buyon O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritar ekan.

Otadagi to‘xtovsiz izlanish, o‘qish-o‘rganishga rag‘bat, kutubxonalarda gazeta-jurnallarni muntazam o‘qib borishdek ibratli an’ana farzandiga ma’naviy meros sifatida ko‘chib o‘tgan edi. Qizlarini ana shunday ma’rifatga oshno qilib tarbiyalagan inson ikki dunyo saodatiga muyassar bo‘lishi, shubhasiz.

Turmush o‘rtoqlari Gulandom Karimbekova bilan 3 nafar qiz (Gulruh, Behro‘za, Shohsanam) va 2 nafar o‘g‘ilni (Shoxruh, Shohjahon) kamolga yetkazib, xalqimizga nafi tegadigan farzandlar etib kamolga yetkazdi.

Qolaversa, Qobilbek aka salkam 50 yillik faoliyati davomida xalqimizning siyosiy dunyoqarashini, jahonni bilish borasidagi tafakkur darajasini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shdi. Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni davlatlardan Toshkentga kelib o‘qigan minglab talabalarga, turli vazirlik va idoralardagi ko‘plab xodimlarga qimmatli saboqlar bergan ustozimiz jurnalistika sohasida, xalqaro munosabatlarni yoritish yo‘lida, tom ma’noda, o‘z maktabiga asos soldi.

Bugun O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan va qalami o‘tkir sharhlovchilari – Sobirjon Turdiyev, Abduvali Soibnazarov, Xayrulla Nuriddinov, Anvar Boboyev, Jahongir Nahanov, Kamoliddin Rabbimov, Hamid Sodiq, G‘ulom Samadov kabi yangi avlod siyosiy sharhlovchilarining ilhom manbai bo‘lgani desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Albatta, qomusiy olim bo‘lgan mana shunday ijtimoiy faol, oilaparvar, kamtarin, kuyunchak va oqibatli ustoz bizning bebaho boyligimizdir. Bu oy 70 yoshlik yubileyini nishonlayotgan ustozga yangi kuch-g‘ayrat va yuksak omadlar tilab qolamiz.

Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
“Shuhrat” medali sohibi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring