Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston turizm salohiyati Destination Karakalpakstan 2026 maydonida namoyish etildi

O‘zbekiston turizm salohiyati Destination Karakalpakstan 2026 maydonida namoyish etildi

2026 yil 23 aprel kuni Nukus shahrida Destination Karakalpakstan 2026 – mamlakatimiz jumladan Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qaratilgan ilk destinatsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Turkish Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikda hududning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob tabiiy ob’yektlari va investitsion imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Forum Nukus shahridagi Oq qush majmuasida o‘tkazilib, unda Turizm qo‘mitasi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati mutasaddilari, Turkish Airlines aviakompaniyasi vakillari, mahalliy va xorijiy turizm sohasi yetakchilari, turoperatorlar, investorlar, OAV hamda blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tadjiyev o‘z nutqida mamlakatimizning turizm salohiyati yildan-yilga ortib borayotganini, hududlarning o‘ziga xos madaniy merosi, betakror tabiati hamda mehmondo‘stligi bilan xalqaro sayyohlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u bunday forumlar nafaqat O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish, balki yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb etish va turizm infratuzilmasini rivojlantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Forum doirasida mamlakatimiz va shu o‘rinda Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyati bo‘yicha xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokidagi taqdimotlar, xorijiy turoperatorlar bilan hamkorlik uchrashuvlari (B2B) hamda milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi va master-klasslar tashkil etildi. Ishtirokchilar hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish va xalqaro turizm bozoriga chiqish bo‘yicha muhim masalalarni muhokama qildilar.

O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi istiqbolli turizm destinatsiyalaridan biri sifatida shakllantirish, yangi tur paketlar yaratish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir hududga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy biznes sub’yektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, forum doirasida 2026 yil 17–22 aprel kunlari davomida Toshkent shahri, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab keng qamrovli infotur tashkil etilib, mazkur infoturda Yevropa va Osiyoning 20 dan ortiq davlatidan, jumladan Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shveytsariya, Belgiya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Xitoy kabi mamlakatlardan yetakchi turoperatorlar ishtirok etdi.

Infotur ishtirokchilari hududlarning tarixiy obidalari, madaniy merosi, tabiiy maskanlari hamda turizm infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, yangi turistik yo‘nalishlar va paketlar ishlab chiqish imkoniyatlarini o‘rgandilar. Shuningdek, forum doirasida xorijiy turoperatorlar tomonidan infotur yakunlari asosida tayyorlangan media materiallar namoyishi o‘tkazildi.

Bundan tashqari, forumning yakuniy qismida mahalliy turizm kompaniyalari, mehmonxonalar, transport va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar xorijiy turoperatorlar va investorlar ishtirokida B2B uchrashuvlari tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar davomida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, yangi turistik paketlar ishlab chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda Qoraqalpog‘istonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan muzokaralar o‘tkazildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring