O‘zbekistonda qurol muomalasi qanday nazorat qilinmoqda? (foto)
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi boshchiligida maxsus idoralararo ishchi guruh tuzilib, qurollarni hisobga olish va ularning harakatini kuzatish mexanizmlarini kompleks o‘rganish boshlandi.
Ishchi guruh tomonidan qurollar muomalasi, ularning hisobini yuritish va nazorat qilish tizimlarini o‘rganishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonda bir qator vazirlik va idoralar hamda tegishli ob’yektlar faoliyati atroflicha o‘rganilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi qator yo‘nalishlar faoliyati tahlil etildi.
Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan tezkor va profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning boshidan jami 487 ta holat aniqlangan. Shundan 227 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlab olingan, 260 tasi esa fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan. O‘tkazilgan tadbirlar davomida 255 dona har xil o‘qotar qurol, 2 841 dona patron, 57 dona qurolning asosiy qismlari, 485,7 gramm portlovchi modda aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Huquqiy statistika bosh markazida o‘tkazilgan tahlillar natijasida qurollarga oid barcha ma’lumotlarni yagona raqamli tizimga o‘tkazish zarurati aniqlandi. Turli idoralarning ma’lumotlar bazalarini o‘zaro integratsiya qilish nazorat samaradorligini keskin oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, Ekspert-kriminalistika bosh markazida qurollarni ballistik ekspertizadan o‘tkazish va Davlat o‘q-gilzotekasini yuritish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ballistik ma’lumotlar bazasini muntazam boyitib borish jinoyatlarni issiq izidan fosh etish va qurollarni aniq identifikatsiya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ishchi guruhning navbatdagi o‘rganishlari Jamoat xavfsizligi departamentida davom etdi. Unda qurol muomalasi uchun litsenziya va ruxsatnomalar berish tizimi tahlil qilindi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish va elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish nafaqat fuqarolarga qulaylik yaratadi, balki tizimning to‘liq shaffofligini ta’minlaydi.
Shuningdek, poytaxtdagi qurol va o‘q-dorilar do‘konlari faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Unda mahsulotlarni saqlash sharoitlari va qonunchilik talablariga rioya etilishi holati o‘rganildi. Mazkur sohada mahsulotlar hisobini elektron tarzda yuritish va savdo jarayonlarini raqamli monitoring qilish tizimlarini joriy etish nazorat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘rganishlar natijalari sohadagi mavjud tizimlarni yanada takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish hamda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish zarurligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan qurollar muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter