Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Poytaxt bekatlari qayta auksionga chiqariladi – hokimlik rasmiysi

Poytaxt bekatlari qayta auksionga chiqariladi – hokimlik rasmiysi

PQ-368-son qaror bilan Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil qilingan bo‘lib, ushbu hujjat bilan Markazning asosiy vazifalari, huquq va vakolatlari belgilab berilgan. Misol uchun, sohaga xususiy sektorni jalb qilish, Markazning asosiy vazifalaridan biri.

Bugun, 12-mart kuni Toshkent shahri yo‘llarida «aqlli» chorrahalarni tashkil qilish va poytaxt yo‘l tizimini raqamlashtirishga doir bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Xabar.uz» muxbiri Markaz bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayevdan yo‘llarni raqamlashtirish jarayonlarining qaysi bo‘g‘imlariga xususiy sektorni jalb qilish va yoki davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida ishlash rejalashtirilayotgani haqida so‘radi.

– Tizimning ko‘plab bo‘g‘inlarida xususiylashtirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar qilish belgilangan. Men ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tishim mumkin.

Masalan, bekat va yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlarni ham auksionga chiqarish belgilangan. Unga ko‘ra, kelgusida Toshkent shahrida avtobus bekatlarining namunaviy loyihasi ishlab chiqiladi va unda yo‘lovchilar, shu jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi inobatga olinadi. Mazkur bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlari esa elektron onlayn auksion savdolari orqali tadbirkorlik sub’yektlariga ijara huquqi asosida vaqtinchalik foydalanishga beriladi, – dedi O.Norbo‘tayev.

Hokimlik rasmiysining ta’kidlashicha, tadbirkorlarga mazkur bekatlarda faqatgina reklama vositasi, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo‘ljallangan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish (vending) avtomatlarini joylashtirishgagina ruxsat etiladi.

– Yangi va rekonstruksiya qilinadigan bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini joylashtirish esa taqiqlanadi. O‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish (vending) avtomatlari bundan mustasno, – deydi Markaz bo‘lim boshlig‘i.

Shuningdek, viloyatlardan Toshkent shariga kirib keladigan transportlar nuqtalarida va zamonaviy transport-o‘tish bog‘lamalari tashkil etilishi va ushbu transport-o‘tish bog‘lamalarida davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik sub’yektlari mablag‘lari hisobidan avtoturargohlar tashkil etiladi.

Ma’lumot uchun, mazkur Markaz ustav kapitalining dastlabki miqdori 90 milliard so‘mni tashkil etadi, shundan 50 milliard so‘mi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga bir yillik muddatga taqdim etiladigan ssuda va qolgan 40 milliard so‘mi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.

Markaz ustav kapitalidagi 100 foiz ulush Toshkent shahar hokimligiga tegishli bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring