Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kiberxavfsizlik markazi oldiga qator vazifalarni qo‘ydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kiberxavfsizlik markazi oldiga qator vazifalarni qo‘ydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda 31 milliondan ortiq aholi internetdan foydalanmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda yurtimizda kiberjinoyatlar soni esa 68 barobarga ko‘paygan. Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan.

Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va elektron imzolari bo‘yicha amalga oshirilayotgan firibgarliklar soni keskin ortib bormoqda. Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng ko‘p tarqalgan usullardan biri – bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.

Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha aniq mexanizm mavjud emas, ayrim tadbirkorlik sub’yektlari mijozlarning ma’lumotlarini ochiq bazalarda saqlamoqda. Davlat xizmatlari sohasida ham biometrik identifikatsiya va elektron raqamli imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik bo‘yicha yetarli kafolatlar ta’minlanmagan.

Shuningdek, bank tizimida kiberhujumlarning oldini olish, shubhali pul operatsiyalarini aniqlash va tezkor chora ko‘rish mexanizmlari yetarli darajada samarali ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, taqdimotda sohaning huquqiy, texnologik va ilmiy-uslubiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan yechimlarni bayon qildi.

Shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talabini, bunday ma’lumotlarni shifrlab saqlash tartibini joriy etish, ma’lumotga ishlov beruvchi shaxslarning reyestrini yuritish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tunu kun rejimda yo‘lga qo‘yishning mexanizmlari taklif qilindi.

Kiberjinoyatchilikning yangi turlari – smart qurilmalarga hujumlar, kriptoaktivlarni noqonuniy egallash kabi tahdidlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Soha va tarmoqlarni raqamlashtirishdan asosiy maqsad – byurokratiya va korrupsiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash.

Masalan, davlat xaridlarida tanlov va tenderlar raqamlashgani uchun shu yilning o‘zida 7,5 trillion so‘m tejaldi. Bugun aholi va tadbirkorlarga 1 mingga yaqin davlat xizmatlari masofadan turib ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon davlat organlari tomonidan 7 mingdan ziyod qonunga zid hujjatlar qabul qilingani, shuningdek, nazorat idoralarining faoliyatida 12,5 ming nafar tadbirkorning huquqi buzilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan qonunlar ijrosi ustidan masofaviy nazorat tizimini yaratish, davlat idoralarida qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini tekshirish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish zarur.

Taqdimotda Bosh prokuratura tizimida raqamli prokuror nazoratini joriy etish, tekshiruvlar va monitoring jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar haqida axborot berildi. Bu orqali qonun buzilishlarini erta aniqlash, mas’ul shaxslarning harakatlarini real vaqt rejimida kuzatish hamda prokuror nazoratini shaffof va samarali tashkil etishning imkoni yaratiladi.

Hozirda tergovchilarning ishini baholash bo‘yicha yagona tizimning yo‘qligi, hisobotlarning “qo‘lda” yuritilayotgani, jinoyat ishlarining hali ham qog‘oz shaklida saqlanayotgani ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hisobot tayyorlash jarayoni bir haftagacha vaqt olmoqda.

Yil boshidan buyon tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorni qabul qilishda protsessual tartiblarga amal qilinmagani, kamchiliklar tufayli 637 ta jinoyat ishining materiallari sudlar tomonidan tergovga qaytarilgani ma’lum qilindi.

Shu bois, jinoyat haqida xabar kelib tushganidan tortib, sud qarori ijrosigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish vazifasi belgilandi. Bu tizim tergov jarayonini tezlashtiradi, inson omilini kamaytiradi va mas’uliyatni oshiradi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish uchun sun’iy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni boshlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali sohada zamonaviy tahlil usullaridan foydalana oladigan, raqamli xavf-xatarlarni oldindan aniqlaydigan va ularga samarali javob berishga qodir professionallar qatlamini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring