Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat dala chetidan unumli foydalanmaganlarni «jarimaga tortadigan» qonunni ma’qulladi

Senat dala chetidan unumli foydalanmaganlarni «jarimaga tortadigan» qonunni ma’qulladi

Bugun, 31-oktyabr kungi 11-yalpi majlisda senatorlar «Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, dala chetlariga ekin ekmaslik va yil davomida mahsulot yetishtirmaslik holatlari aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga hamda bozorlarda mahsulotlarning tannarxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan oqilona va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarda va muddatlarda maqbul ekin ekilmaganligi uchun ma’muriy jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Soliq kodeksida dala chetlaridagi bunday maydonlarda maqbul ekin ekilmagan taqdirda, mazkur yer uchastkasining ekin ekilmagan qismi uchun yer solig‘i stavkasini uch baravar miqdorda hisoblash belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi natijasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda mahsulot yetishtirilishini samarali tashkil qilishga, sug‘oriladigan yerlardan unumli va to‘laqonli foydalanishga erishiladi, degan fikr bildirildi.

Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring