Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«The Independent» bosh muharriri O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan tanishdi

«The Independent» bosh muharriri O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan tanishdi

«The Independent» bosh muharriri Jorj Greyg O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan keldi. Zamonaviy Britaniya matbuotining eng nufuzli media-menejerlaridan birining mamlakatimizga tashrifi O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va xalqaro media hamkorlikni kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim voqea bo‘ldi.

Jorj Greyg 35 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligi ostida «The Independent» millionlab global auditoriyaga ega yirik raqamli media platformalardan biriga aylangan.

Tashrif davomida mehmon mamlakatning turizm, madaniyat va infratuzilma salohiyati, shuningdek, kreativ industriyalar va zamonaviy turizm ekotizimining rivojlanish dinamikasi bilan tanishdi.

Tashrif dasturi mamlakatning asosiy turizm markazlarini — Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oldi.

Toshkentda Jorj Greyg Islom sivilizatsiyasi markazi, Rahimovlar keramika ustaxonasi, «Oxun guzar» turistik ko‘chasi va «Namuna» art-rezidensiyasiga tashrif buyurib, madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.

Samarqandda delegatsiya Jahon merosi ob’yektlari — Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va Imom al-Buxoriy majmuasi bilan tanishdi, shuningdek, zamonaviy «Silk Road Samarkand» turistik klasteriga tashrif buyurdi.

Buxoro dasturida tarixiy markaz, hunarmandchilik ustaxonalari va hududning boy madaniy merosini aks ettiruvchi san’at makonlari bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi.

Xivada mehmon ochiq osmon ostidagi muzey — Ichan-Qal’a majmuasini ziyorat qilib, shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari bilan tanishdi.

Shuningdek, gastronomik turizmga alohida e’tibor qaratildi: mehmon o‘zbek milliy taomlari hamda zamonaviy gastronomik konsepsiyalar bilan tanishdi.

Tashrif natijalari va uning xalqaro ommaviy axborot vositalarida yoritilishi O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga, mamlakat turizm brendining mustahkamlanishiga hamda uning xalqaro maydondagi ishtirokining kengayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring