Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ummon tubidan samogacha...

Ummon tubidan samogacha...

foto: chatgpt

Jak-Iv Kusto insoniyat nigohini yer ustidan okeanlar tubiga qaratib, bu g‘aroyib  olam sirlari-yu, muammolarini oshkor qildi.  Kusto komandasi tasmaga muhrlagan filmlardan biri baliqlar hayotiga bag‘ishlanadi.

Shu filmni necha bor ko‘rsam-da hayratim aslo kamaymaydi. Uvildiriqdan paydo bo‘lgan murg‘ak baliqchalar voyaga yetgach, tug‘ilgan joylaridan necha yuz ming kilometr masofaga uzoqlashib ketadilar. Boshqa ummonlargacha yetib boradilar. Ammo hayotlari so‘ngida yuz ming mashaqqat bilan, qanchadan-qancha tabiiy, sun’iy to‘siqlardan o‘tib, necha ming-minglari yo‘llarda jon taslim qilib, juda oz miqdorda qolsalar ham tug‘ilgan joylariga qaytadilar. Shu yerga  uvuldiriq  qo‘yib, so‘ng bo‘lajak nasllari uchun yemishga aylanadilar.

Televideniyeda Afrika va Lotin Amerikasi changalzorlarida yashaydigan turfa xil qushlar hayotiga doir ingliz olimlari suratga tushirgan filmlarni namoyish qilishdi. Yana hayrat, tushunib bo‘lmaydigan sir-sinoat. O‘g‘ri, qaroqchi, tekinxo‘r qushlar, tayyorga ayyor qushlar, bolasini birovga tashlab ketadigan surbet qushlar, zurriyoti uchun o‘limga tik bora oladigan  onaizor qushlar, rassom qushlar, hofiz qushlar, to‘quvchi , quruvchi qushlar...

Bittasi ming urinib in quradi, boshqasi poylab turib, uni egallab oladi. Bittasi qurgan iniga tuxum qo‘yadi, boshqasi boshini qotirib o‘tirmay, tuxumini shu tayyor inga joylashtiradi. Bittasi in qurish uchun uzoq-uzoqlarga uchib, horib-tolib, og‘zida xas-xashak olib keladi. Boshqasi esa yo‘lda unga hujum qilib, og‘zidagi cho‘pni olib qochadi. Bittasi suv yuzasiga chiqib qolgan baliqlarni tumshug‘iga olib, havoga ko‘tarilishi bilan qaroqchi qushlarga duch keladi va o‘ljasidan mahrum bo‘ladi.  Bittasi inida paydo bo‘lib qolgan begona tuxumni o‘ziniki qatori ochib chiqaradi. Begona tuxumdan chiqqan qush bolasi esa ko‘p o‘tmay uning bolalarini pastga qulatib yuboradi.

Meni hayratga solgani − qushlar orasida baxil, xasis, birovning uyini buzmasa, bolalariga ozor bermasa ko‘ngli o‘rniga tushmaydiganlari ham bo‘lar ekan... O‘ylanib qolaman: kim kimdan o‘rgandi  ekan − odamzod qushlardanmi yo qushlar bizlardanmi?..

Ahmadjon Meliboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring