Urgut tumani eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantiriladi – Prezident
Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda qayd etilishicha, Samarqand aholisi 4 million 300 mingdan oshdi, yiliga o‘rtacha 100-110 ming nafarga ko‘payib borayapti.
«Bugungi yig‘ilishni Urgutda o‘tkazayotganim bejiz emas. Respublika tumanlari ichida aholisi eng ko‘p Urgutda 600 mingdan ortiq odam istiqomat qilayapti.
Urgut tumani uzoq yillardan beri viloyat qishloq xo‘jaligida yetakchi. Adir va toshloq yerda Urgut erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilganimiz, 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushgani natijasida Urgut sanoatlashgan hududga aylandi», - dedi davlat rahbari.
Sanoat rivojlanishi savdo va servisga ham katta turtki berdi. Hozir Urgut viloyat sanoatida 3-o‘rinda, servisda esa 4-o‘rinda.
Bugun Urgutda yana bir tarixiy voqea – 55 kilometr temir yo‘l liniyasini ishga tushirildi. Ushbu tarmoqni elektrlashtirish ishlari kelasi yil to‘liq yakuniga yetkaziladi. Bu – avvalo aholiga yanada qulay sharoit yaratish bilan birga, sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Urgut tumani markazidagi 24 ta mahallada 100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu – ba’zi bir shaharlar aholisidan ko‘p.
Hududdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Prezidentimiz Urgut markaziga «Yangi O‘zbekiston» qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qarorni imzoladi.
Tumanning «Quyi Kamangaron» mahallasidagi «Yangi O‘zbekiston» massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etilishi e’lon qilindi.
Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma obektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Prezidentimiz yirik sanoat korxonalarining o‘z ishchilari uchun korporativ buyurtma asosida bunday uylarni sotib olish bo‘yicha tashabbuslarini ma’qulladi.
Keyingi yildan bunday korxonalarni rag‘batlantiradigan mexanizmlar joriy qilinadi va butun respublikaga tatbiq etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter