Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi qurilayotgan uydan xonadon sotib olmoqchimisiz? Qanday hujjatlarni tekshirish kerakligini bilib oling

Yangi qurilayotgan uydan xonadon sotib olmoqchimisiz? Qanday hujjatlarni tekshirish kerakligini bilib oling

Toshkent shahar hokimiyati yangi qurilayotgan uylardan xonadon sotib olish niyatida bo‘lgan fuqarolar uchun yo‘riqnoma e’lon qildi. Unda shartnoma tuzish va pul to‘lashdan oldin qurilish obyektining qonuniyligini tekshirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Avvalo, qurilish obyektiga o‘rnatilgan QR-kodni skaner qilish va dshk.shaffofqurilish.uz sayti orqali obyekt haqidagi ma’lumotlarni olish kerak. Unda obyekt nomi, buyurtmachi, loyihachi va quruvchi tashkilotlar, manzil, arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi, loyiha hujjatlarining ekspertiza xulosasi hamda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun berilgan ruxsatnoma haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Obyektning maqsadini ham tekshirish lozim. Arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi va ekspertiza hujjatlarida binoning turar joy yoki noturar joy ekani, qavatlar soni, qurilish materiallari va boshqa muhim ma’lumotlar aks etadi. Masalan, sotuvchi uyni 16 qavatli turar joy sifatida taqdim etsa, hujjatlarda ham aynan shu ma’lumot bo‘lishi kerak.

Sotib olinayotgan xonadonning loyihada mavjudligini solishtirish zarur. Shartnomada ko‘rsatilgan blok, qavat, xonadon raqami va maydon tasdiqlangan loyiha hujjatlaridagi ma’lumotlarga mos kelishi kerak.

Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma mavjudligini tekshirish kerak. Obyekt hududiy nazorat inspeksiyasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yoki tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lishi lozim. Agar qurilish obyekti nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bunday qurilish noqonuniy hisoblanadi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar ham o‘rganilishi kerak. Xaridor quruvchidan yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishni so‘rashi mumkin. Yerga bo‘lgan huquq tasdiqlanmagan bo‘lsa, pul to‘lashga shoshilmaslik tavsiya etiladi.

Loyiha hujjatlarining ijobiy ekspertiza xulosasi mavjudligini tekshirish ham muhim. Unda obyektning qavatlari, konstruksiyasi, loyihaviy yechimlari va boshqa muhim ma’lumotlarni ko‘rish mumkin.

Shartnomani rasmiylashtirish tartibiga alohida e’tibor berish kerak. Qurilayotgan uydan ulush asosida xonadon olinayotgan bo‘lsa, shartnoma notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Faqat quruvchining ofisida imzolangan oddiy shartnoma bilan cheklanmaslik lozim.

To‘lov qanday amalga oshirilishiga ham e’tibor berish zarur. 2026 yilda ulushdor mablag‘lari belgilangan tartibda eskrou hisobvarag‘i orqali to‘lanishi kerak. Pulni quruvchining shaxsiy bank kartasiga yoki shubhali hisob raqamlariga o‘tkazmaslik tavsiya etiladi.

Uy foydalanishga qabul qilingan-qilinmaganini ham tekshirish kerak. Qurilish yakunlangach, obyektdan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi lozim. Quruvchining «kalit tayyor, ko‘chib kiravering» degan gapi rasmiy hujjat o‘rnini bosa olmaydi.

Xonadon topshirilgach, qabul-topshirish dalolatnomasi imzolanadi, mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va kadastr xonadon egasi nomiga rasmiylashtiriladi.

Shahar hokimligi fuqarolarga xonadon sotib olishdan oldin yerga bo‘lgan huquq, QR-kod, qurilish ruxsatnomasi, tasdiqlangan loyiha, ekspertiza xulosasi, xonadonning loyihadagi mavjudligi, shartnoma, eskrou orqali to‘lov, foydalanishga qabul qilish va kadastr bilan bog‘liq hujjatlarni sinchiklab tekshirishni tavsiya qilmoqda.

Agar hujjatlarning birortasida shubha tug‘ilsa, shartnoma imzolash yoki pul to‘lashga shoshilmaslik kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring