Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xorijlik murabbiy chempion bo‘lolmaydi» — JCh-2026 da «yuz yillik an’ana» buziladimi?

«Xorijlik murabbiy chempion bo‘lolmaydi» — JCh-2026 da «yuz yillik an’ana» buziladimi?

Karlo Anchelotti, Lionel Skaloni va Tomas Tuxel.

Foto: Getty Images

Futbol bo‘yicha jahon chempionatlari tarixida xorijlik murabbiy boshqargan terma jamoa biror marta ham chempionlikni qo‘lga kiritmagan. Faqat o‘z vatandoshlariga, mahalliy mutaxassislariga suyangan milliy jamoalargagina bosh sovrin nasib etgan.

Mundial arafasida barcha jahon chempionatlarida zafar quchgan bosh murabbiylarni yodga olamiz:

1930 — Alberto Supichchi (Urugvay)
1934 — Vittorio Potsso (Italiya)
1938 — Vittorio Potsso (Italiya)
1950 — Xuan Lopes Fontana (Urugvay)
1954 — Yozef Xerberger (Germaniya)
1958 — Visente Feola (Braziliya)
1962 — Aymore Moreyra (Braziliya)
1966 — Alf Ramsey (Angliya)
1970 — Mario Zagallo (Braziliya)
1974 — Helmut Shyon (Germaniya)
1978 — Sesar Luis Menotti (Argentina)
1982 — Enso Bearzot (Italiya)
1986 — Karlos Bilardo (Argentina)
1990 — Frans Bekkenbauer (Germaniya)
1994 — Karlos Alberto Parreyra (Braziliya)
1998 — Eme Jake (Fransiya)
2002 — Luis Felipe Skolari (Braziliya)
2006 — Marchello Lippi (Italiya)
2010 — Visente Del Boske (Ispaniya)
2014 — Yoaxim Lyov (Germaniya)
2018 — Dide Desham (Fransiya)
2022 — Lionel Skaloni (Argentina)

An’ana 2026-yilda buziladimi?

Bo‘lajak JCh-2026 mundiallar tarixidagi eng yirigi bo‘ladi, chunki unda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Bu esa kutilmagan natijalar va tarixiy rekordlar yangilanishi uchun imkoniyatlarni yanada oshiradi. Biroq «chempion murabbiy faqat mahalliy bo‘lishi kerak» degan deyarli yuz yillik an’ana bu safar ham saqlanib qolishi uchun jiddiy asoslar bor.

Agar asosiy favoritlarga e’tibor qaratsak, ularning deyarli barchasi yana o‘z vatandoshlariga ishonch bildirishgan:

  • Argentina taxtini amaldagi chempion Lionel Skaloni himoya qiladi;
  • Fransiyani ikki karra jahon chempion (o‘yinchi va murabbiy sifatida) hamda bir marta kumush medalni qo‘lga kiritgan Dide Desham mundialga boshlab boradi;
  • Germaniya Yulian Nagelsmann boshchiligida yangi zafarlar sari intilmoqda;
  • Ispaniya Luis de la Fuente bilan mundial bosh sovrinini ko‘zlamoqda.

Shunday bo‘lsa-da, bu yilgi turnirda ushbu qat’iy an’anaga «zarba bera oladigan» bir nechta kuchli xorijlik murabbiylar bor.

O‘z mutaxassislari bilan besh karra zafar quchgan Braziliya bu safar italiyalik Karlo Anchelotti bilan oltinchi chempionlikni ko‘zlamoqda. 60 yil avval o‘zining yagona chempionligiga erishgan Angliya esa uzoq tanaffusdan so‘ng bosh sovrin umidida germaniyalik Tomas Tuxelga ishonch bildirgan. Umuman olganda, Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerikaning qator jamoalari aynan chet ellik tajribali murabbiylar bilan sensatsiya qilishni maqsad qilgan.

JCh-2026 da ishtirok etadigan 48 terma jamoadan 27 tasini — xorijliklar, 21 tasini — mahalliy mutaxassislar boshqarmoqda.

Eng ko‘p bosh murabbiylar qaysi mamlakatlardan?

Argentina — 6 murabbiy

  • Lionel Skaloni — Argentina
  • Maurisio Pochettino — AQSh
  • Gustavo Alfaro — Paragvay
  • Sebastyan Bekkasese — Ekvador
  • Marselo Belsa — Urugvay
  • Nestor Lorenso — Kolumbiya

Fransiya — 5 murabbiy

  • Dide Desham — Fransiya
  • Rudi Garsiya — Belgiya
  • Sabri Lyamushi — Tunis
  • Sebasten Mine — Gaiti
  • Sebasten Dezabr — Kongo DR

Ispaniya — 4 murabbiy

  • Luis de la Fuente — Ispaniya
  • Xulen Lopetegi — Qatar
  • Roberto Martines — Portugaliya
  • Tomas Kristiansen — Panama

Italiya — 3 murabbiy

  • Karlo Anchelotti — Braziliya
  • Vinchenso Montella — Turkiya
  • Fabio Kannavaro — O‘zbekiston

Germaniya — 3 murabbiy

  • Yulian Nagelsmann — Germaniya
  • Ralf Rangnik — Avstriya
  • Tomas Tuxel — Angliya

Xo‘sh, sizningcha, JCh-2026 musobaqasida asriy an’ana nihoyat buziladimi yoki chempionlik kubogini yana mahalliy murabbiy qo‘lga kiritadimi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring