Buxoroda somoniylar davriga oid noyob ganch lavha qoldiqlari topildi
Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida olib borilayotgan xalqaro izlanishlar davomida somoniylar davriga oid muhim topilma aniqlandi. Tadqiqotlar chog‘ida jome masjidi me’moriy bezaklariga mansub, kufiy bitiklar tushirilgan ganch lavha parchalari topildi. Buxoro viloyati hokimligi mas’ul xodimining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu qazishma ishlari O‘zbekiston-AQSh xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bildirilishicha, ekspeditsiya ishlarida O‘zbekiston va AQSh mutaxassislari bilan bir qatorda, Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda «Buxoro» davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ham bor.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu ganch lavha parchalari bizgacha butun va soz holatda yetib kelgan emas. Shu bois, ayni paytda topilmani asl qiyofasida asrab qolish, yemirilishdan himoyalash va ilmiy qimmatini yo‘qotmaslik maqsadida restavratsiya hamda konservatsiya ishlariga kirishildi.
Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzaahmedovning ta’kidlashicha, ganch lavhadagi kufiy bitiklar va me’moriy bezak namunalari somoniylar davri badiiy hamda me’morchilik an’analarini o‘rganishda g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
«Topilgan ganch bezaklari shunchaki arxeologik osoriatiqa emas, balki Buxoroning somoniylar davridagi me’moriy va badiiy muhitini ko‘z oldimizga keltirishga xizmat qiladigan muhim ilmiy manbadir. Ayniqsa, kufiy bitiklardan omon qolgan parchalar o‘sha davr epigrafik bezak an’analarini tadqiq etishda qimmatli ma’lumotlar beradi», — dedi Jamoliddin Mirzaahmedov.
Tadqiqotchilar uchun ushbu topilma me’moriy bezak, ganch o‘ymakorligi va epigrafika (bitiklar) san’atini yaxlit bir majmuada aks ettirgani bilan g‘oyat qadrlidir. Bu esa somoniylar davrida Buxoro me’morlik san’ati va bezakchilik maktabi qay darajada yuksalganini tadqiq etish uchun yangi ilmiy ufqlarni ochadi.
Ayni paytda Shahriston arxeologik yodgorligidagi qazishmalar bilan birga, topilgan ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish hamda ularni ilmiy jihatdan hujjatlashtirish ishlari ham qizg‘in davom etmoqda.
Mutaxassislar ayni paytda topilmaning tarkibi, bezak uslubi, bitiklari va me’moriy jihatlarini tadqiq qilmoqdalar. Uni somoniylar davri Buxorosi tarixini yorituvchi muhim arxeologik manba sifatida ilmiy muomalaga kiritishga kirishildi. Bu izlanishlar Buxoroning somoniylar davri me’morchiligini yanada chuqurroq o‘rganish bilan birga, o‘sha davr ganch o‘ymakorligi hamda epigrafik bezak san’ati taraqqiyotini tahlil etishda mustahkam ilmiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Laylo Hayitova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter