Blogerlar ataylab xato qilishmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda kutilmagan burilish yuz berdi. Kecha hammamiz havas qilgan ideal kadrlar, mukammal montaj, bexato nutq bugun o‘z qadrini yo‘qotdi. Tomoshabinlar endi bunday kadrlarni «vau» deb emas, sun’iy intellekt emasmi, degan shubha bilan tomosha qilmoqda.
Biznes insayderlarning ma’lumotilariga ko‘ra, 2026-yilda ajralib turishning eng to‘g‘ri yo‘li — mukammallikdan voz kechish. Bu shunchaki trend emas, bu — kontent olamidagi yangi qoida.
Bugungi kunda blogerlar o‘z kontentlarida ataylab xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishmoqda. Kadrlar qiyshiq, gaplar ba’zan chalkash, emotsiyalar esa filtrsiz.
Montaj go‘yoki tugallanmaganday ko‘rinadi. Bir qarashda kadrlar sifatsizdek tuyuladi, ammo aslida bu puxta o‘ylangan strategiya. Chunki sun’iy intellektdan bezgan tomoshabin bu kadrda haqiqiy hayotni ko‘ryapti.
Sun’iy intellekt rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda mukammallik oddiy narsaga aylandi. Endi har kim ideal video yarata oladi. Neyrotarmoqlar ovozni ham, yuzni ham, hatto hissiyotni ham ko‘rsatib bera olyapti. Shu sharoitda esa soddalik eng qimmat resursga aylandi.
TikTok va Instagram algoritmlari ham o‘zgaryapti. Ular endi faqat chiroyli kontentni emas, balki odamni ushlab qoladigan, izoh yozdirib, hissiyot uyg‘otadigan videolarnigina topga chiqarmoqda. Eng qizig‘i bunday natijani aynan oddiygina videolar beryapti.
Xorijda ham «raw content», ya’ni ishlov berilmagan kontent trendga aylandi. Kamera titraydi, fonda shovqin bor, bloger ham ba’zan gapida adashadi. Lekin aynan shu detallar videoga o‘zgacha ruh beradi. Tomoshabin o‘zini ekran ortida emas, go‘yoki voqeaning ichida his qiladi.
Bu holatning psixologik sababi ham bor. Odamlar ideal hayot tasviridan charchadi. Doimiy mukammallik bosim beradi, o‘zini taqqoslashga majbur qiladi. Haqiqiylik esa aksincha tomoshabinlarga yaqinlik beradi, u ham mendek ekan, degan his paydo bo‘ladi.
Bugun kontent yaratuvchilar orasida eng katta xato mukammal bo‘lishga urinish. Eng katta yutuq esa o‘zini boricha ko‘rsatishdan uyalmaslik.
Taniqli blogerlar allaqachon buni tushunib yetdi. Ular endi chiroyli ko‘rinishga emas, borini boricha ko‘rsatishga harakat qilishmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter