Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘q deyolmaslik — eng xavfli odat!

Yo‘q deyolmaslik — eng xavfli odat!

Ba’zi insonlar borki, ular hech kimni ranjitishni istashmaydi. Doim muloyim, qulay va "yaxshi” bo‘lishga urinishadi. Tashqaridan qaraganda bunday odamning  muammosi yo‘qdek tuyuladi. U bahslashmaydi, ortiqcha e’tiroz bildirmaydi, boshqalarga osongina moslashadi.

Ammo psixologiyada bu holat ko‘pincha ichki bosimning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Chunki inson doim boshqalar uchun qulay yashay boshlaganda, asta-sekin o‘zini yo‘qotadi.

Masalan, kafeda noto‘g‘ri buyurtma kelsa ham indamaydi. Navbatini boshqalarga beradi. Yoqmagan xizmatga ham “hammasi yaxshi” deb javob beradi. O‘zi xohlamagan ishga rozi bo‘ladi. Charchagan bo‘lsa ham yordam berishda davom etadi.

Bular oddiy holatdek ko‘rinadi. Lekin miyada har safar bitta signal paydo bo‘ladi:

“Sen boshqalarning qulayligi uchun o‘zingni qurbon qilishing kerak.”

Vaqt o‘tishi bilan esa bu odat insonning ruhiy holatiga ta’sir qila boshlaydi. Psixologlarning ta’kidlashicha, o‘z hissiyotlarini doim ichiga yutib yuradigan odamlarda:

  •  surunkali stress,
  •  ichki g‘azab,
  •  hissiy charchoq,
  •  xavotir,
  • o‘zini qadrsiz his qilish holatlari ko‘proq uchraydi.

Eng yomoni esa insonning o‘zi buni sezmaydi ham. U o‘zini “yaxshi odam” deb o‘ylaydi, aslida esa boshqalarning roziligiga qaram bo‘lib qoladi. Psixologiyada bu holat “people pleasing” — ya’ni, hammaga yoqishga haddan tashqari intilish deb ataladi.

Bunday insonlarning asosiy qo‘rquvi bitta:

“Agar yo‘q desam, meni yomon ko‘rib qolishadi.”

Aslida esa sog‘lom munosabat “doim rozi bo‘lish” ustiga qurilmaydi. Sog‘lom munosabat chegaralar ustiga quriladi.

Birinchi navbatda, har safar rozi bo‘lishdan oldin o‘zingizga savol bering:

“Men buni rostdan xohlayapmanmi yoki shunchaki noqulay bo‘lib qolmaslik uchun rozimanmi?”

Ikkinchidan, “yo‘q” deyishni qo‘pollik deb qabul qilmang. Madaniyatli rad etish — bu agressiya emas, bu shaxsiy chegarani himoya qilishdir. Masalan:

“Uzr, hozir bunga imkonim yo‘q.” yoki

“Bu safar rozi bo‘lolmayman.”

Uchinchidan, hamma sizdan mamnun bo‘lishi shart emasligini qabul qiling. Doim hammaga yoqishga urinish insonni ruhiy jihatdan holdan to‘ydiradi.

Eng muhim haqiqat shuki, inson boshqalarni yo‘qotishdan qo‘rqib yashayversa, oxiri o‘zini yo‘qotadi.

Ba’zida eng katta psixologik davolanish — o‘z ehtiyojlaringizni ham muhim deb bilishni boshlashdir!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring