Prezidentlar Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan masjid bilan tanishdilar (foto)
Amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan birgalikda Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan masjid bilan tanishdilar.
Majmuaning umumiy maydoni 7 gektardan ziyodni tashkil etadi, unda 5 mingdan ortiq kishi namoz o‘qishi mumkin. Muhtasham ansambl to‘rtta 70 metrlik minora hamda asosiy zal va an’anaviy ayvonlarni o‘z ichiga olgan uch qavatli bosh binodan iborat.
Islom va Sharq me’morchiligining eng yaxshi an’analariga muvofiq barpo etilgan jome masjidida milliy naqshlar, sharqona gumbazlar, baland minoralar hamda zamonaviy qurilish texnologiyalari uyg‘un qiyofa kasb etgan. Masjidning ichki bezagida islom xattotlik va naqqoshlik san’ati namunalaridan keng foydalanilgan.
Atrofdagi 4,2 gektar maydonni obodonlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda yashil maydonlar, yo‘laklar, dam olish joylari, yoritish tizimlari, manzarali qurilmalar va favvoralar barpo etilmoqda.
O‘zbekiston tomonidan qardosh Qozog‘iston xalqi hamda Turkiston aholisiga tuhfa sifatida qurib bitkazilgan ushbu muhtasham majmua ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va madaniy yaqinlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda ittifoqchilik munosabatlarining yorqin ifodasi bo‘lgani ta’kidlandi.
Qur’oni oyatlari tilovat etilib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter