Jizzaxda 23 yoshli ona tug‘uruqdan so‘ng vafot etdi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yosh kelinning vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «shifokor xatosi tufayli kelin vafot etgani» haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro M.J. 2026-yil 30-aprel kuni G‘allaorol tumanlararo perinatal markaziga tug‘uruq uchun qabul qilingan. 1-may kuni u sog‘lom qiz farzandni dunyoga keltirgan.
Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, tug‘uruqdan keyin ona va bola doimiy kuzatuvda bo‘lgan hamda 4-may kuni ahvoli qoniqarli deb topilib, uyiga javob berilgan.
Bildirilishicha, fuqaro uyiga qaytgach, internetdagi ma’lumotlarga asoslanib, shifokor tavsiyasisiz ona sutini ko‘paytiruvchi dori vositasini qabul qilgan. Shundan keyin unda allergik reaksiya kuzatilgan.
6-may kuni u G‘allaorol tuman markaziy shifoxonasiga olib kelingan va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shifokorlar bemorni statsionarda davolash zarurligini aytgan, ammo yaqinlari uni uyiga olib ketgani ma’lum qilindi.
Oradan bir necha soat o‘tib, bemorning ahvoli yana og‘irlashgan va u qayta shifoxonaga olib kelingan. Reanimatsiya choralariga qaramasdan, 6-may kuni soat 15:30 da bemor vafot etgan.
Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ayni paytda G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter