Bolalar haqiga ham ishlamagan “qizil chiziq”
So‘nggi vaqtlarda yuz berayotgan voqealar, xususan Farg‘ona va Toshkent viloyatidagi ommaviy zaharlanishlar, Chustdagi holat, “Dok-1 Maks” fojiasi bizda hatto bolalarning ovqati va dorisiga kelganda ham “qizil chiziq” ishlamay qo‘yganini ko‘rsatmoqda.
“Jamiyatda hech bo‘lmaganda bolani bog‘chaga jo‘natish xavfsiz bo‘lishi kerak.
Ming yomon odam bo‘lsak ham, shu bolalarning haqiga, yeydigan ovqatiga kelganda hech bo‘lmasa vijdonan ishlashimiz lozim.
Axir qanaqadir prinsip, “qizil chiziq” ham bo‘lishi kerak-ku odamda.
Bolalarni ovqatiga kelganda, dorisiga kelganda ham ishlamasa shu “qizil chiziq”, qachon ishlaydi unda?” deb yozdi iqtisodchi-jurnalist Bahodir Abdullayev.
Bolalarga berilgan zaharli taom...
21 fevral kuni Farg‘ona shahridagi 2, 58 va 61-sonli davlat bog‘chalarida 62 nafar bola “o‘tkir diareya” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Qorin og‘rig‘i, ich ketishi, harorat ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi… Bolalar qanchalik azoblanganini tasavvur qilish qiyin emas.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur bog‘chalarga oziq-ovqatni Garden Catering Trade yetkazgan. 2024 yilda kompaniya “tajriba” sifatida Farg‘ona viloyati hokim qarori bilan tanlangan. E’tibor bering, kompaniya davlat ro‘yxatidan o‘tganiga bir oy ham bo‘lmay turib, tendersiz yuz milliardlab so‘mlik shartnomalarga ega bo‘lgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024 yil iyul oyidayoq qonunbuzilishlarni aniqlagan. Xususan, davlat xaridlari qonunchiligi buzilgan deb topgan. Autsorser kamida bir yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak edi. Ammo talab qog‘ozda qolib ketdi.
Agentlik taqdimnoma kiritgan. Hokimlik esa amalda chora ko‘rish o‘rniga “otpiska” bilan cheklangan.
62 nafar bola kasalxonaga tushguncha hech kim javobgarlikni his qilmadi. “Kalavaning uchi” 2024 yildayoq ko‘ringan bo‘lsa-da, hech kim chora ko‘rmadi.
Aytishlaricha, yuz milliardlab shartnomaga ega chiqqan bu kompaniya viloyatdagi shaharlardan birining hokimiga tegishli bo‘lgan.
Bu yagona holat emas
Farg‘onadagi bog‘cha bolalarining zaharlanishi birinchi holat emas. Bunday noxush hodisalar so‘nggi yillarda bir necha bor kuzatildi. Ayniqsa, Toshkent viloyatida o‘tgan yili sodir bo‘lgan holat ko‘lami ancha katta bo‘lgandi.
O‘shanda salkam 2 ming bola zaharlanish bilan shifoxonalarga murojaat qildi. 694 nafar bola statsionarda davolandi. 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholandi.
Oqibatda 7 kishi qo‘lga olindi: ikki nafar ishlab chiqaruvchi, qolganlari autsorsing kompaniyasi vakillari edi. O‘shanda ham minglab bolalarni zaharlagan mahsulot ishlab chiqargan korxona egasi sobiq hokimning o‘g‘liga tegishli ekani aytilgandi.
Nega zaharlanishdan keyin harakat boshlanadi? Nega bu holat saboq bo‘lmadi?
Unutilmagan fojia: “Dok-1 Maks”
2022 yil. Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan “Dok-1 Maks” siropi. Uning oqibatida O‘zbekistonda kamida 68 nafar bola halok bo‘ldi, 16 nafar bola nogironga aylandi.
Bu tizimli nazoratning yo‘qolishi, dori biznesi, sertifikatlash va import ustidan yetarli tekshiruv bo‘lmaganining og‘ir oqibati edi. Ayrimlar qamaldi, lekin yuzga yaqin oilaning iztirobi arimadi. Ularga haligacha kompensatsiya to‘lab berilmagan.
Shundan keyin ham “qizil chiziq” chizildimi? Afsuski, yo‘q.
Chust voqeasi
2023 yil sentyabrida maktab va bog‘chalarda yod profilaktikasi boshlandi. Oradan ikki kun o‘tib, Namangan viloyati Chust tumanida 70 dan ortiq bola zaharlanish alomatlari bilan kasalxonaga yotqizildi.
Ma’lum bo‘lishicha, bolalarga berilgan “Antistrumin” preparati 22 mlrd so‘mga tendersiz xarid qilingan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tekshiruvlar boshlandi.
Ammo yana o‘sha ssenariy: Avval bolalar jabrlandi. Keyin tekshiruv, jinoyat ishi, bayonotlar...
Tizimli muammo
Aslida bu alohida-alohida hodisalar emas, bir zanjirning o‘zaro bog‘liq halqalari.
Tendersiz shartnoma, talabga javob bermaydigan kompaniya, korrupsiya, nazoratsizlik, ochko‘zlik, vijdonsizlik, mas’uliyatsizlik va yakunda jabrdiyda bolalar...
Aslida muammo o‘sha qamalgan bir nechta shaxslarda ham emas, muammo tizimli “javobgarlik hissi” ishlamay qo‘yganida.
“Qizil chiziq” qayerda?
Iqtisodchi-jurnalist aytganidek, agar hatto bolalar taomida ham prinsip ishlamasa, dori-darmonida ham ishlamasa, demak, muammo oddiy emas. Bu jamiyatimizdagi jiddiy insoniy-axloqiy inqiroz degani.
Jamiyatda hech bo‘lmaganida “bu bolaning haqqi-ku” degan “qizil chiziq” bo‘lishi shart. Axir, o‘sha nobakorlarning ham farzandlari, nabiralari bor bo‘lsa kerak.
Bu “qizil chiziq”ni bosib o‘tgan mansabdor, tadbirkor, tizim qonun oldida-ku mayli, vijdon oldida qanday javob berisharkan?! Bog‘cha va maktablarni biznes maydoni, bolalarni esa eksperiment vositasi qilishni bas qilinglar endi!
Shu oddiy haqiqatni anglamas ekanmiz, har galgi jinoyat ishlari va qaysidir shaxslarning hibslari navbatdagi fojia ortidan keladigan kechikkan adolat bo‘lib qolaveradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter