Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun — Xalqaro begunoh bolalar kuni: Kelajakni zo‘ravonlikdan himoya qilish

Bugun — Xalqaro begunoh bolalar kuni: Kelajakni zo‘ravonlikdan himoya qilish

foto: https://www.magnific.com

Har kuni dunyoning turli chekkalarida millionlab bolalar jismoniy, ruhiy va hissiy zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda. Bolalarga nisbatan qilinayotgan bunday munosabat nafaqat urush hududlarida, balki madaniyat, ijtimoiy tabaqa va ta’lim chegaralarini kesib o‘tgan holda har qanday jamiyatda uchramoqda.

Bu kun qanday paydo bo‘lgan?

Ushbu xalqaro kunning tarixi bundan 40 yildan ko‘proq vaqt oldingi mudhish voqealarga borib taqaladi. 1982-yil 4 iyun kuni Isroil aviatsiyasining Bayrut va Livanning boshqa aholi punktlariga qilgan birinchi hujumi oqibatida juda ko‘p tinch aholi, jumladan, begunoh bolalar halok bo‘ldi.

1982-yil 19 avgustda BMT Bosh Assambleyasi Falastin masalasi bo‘yicha favqulodda maxsus sessiyasida Isroilning tajovuzkor harakatlaridan jabr ko‘rgan falastinlik va livanlik bolalarning cheksiz azoblaridan larzaga tushib, maxsus rezolyusiya qabul qildi. Ushbu qarorga ko‘ra, har yili 4 iyun rasmiy xotira va xabardorlik kuni deb belgilandi.

Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqdagi to‘qnashuvlar fonida, bugungi kunda ham urush hududlarida yashayotgan 250 milliondan ortiq bolalar hamon katta xavf ostida qolmoqda.

Urush davridagi 6 ta eng jiddiy qonunbuzarlik

Bugungi kunning og‘riqli nuqtasi – qurolli mojarolar paytida eng zaif qatlam bo‘lgan bolalarning birinchi bo‘lib nishonga olinayotganidir. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tizimli ravishda kuzatib boriladigan va hisobot beriladigan oltita qonunbuzarlik mavjud. Avvalo, urush harakatlari va terrorchilik hujumlari oqibatida minglab bolalar hayotdan ko‘z yummoqda. Bolalardan qurolli guruhlar va armiyalarda majburan foydalanilmoqda. Aynan urush davrida kuchayib ketadigan eng og‘ir jinoyatlardan biri, bu jinsiy zo‘ravonlik. O‘g‘irlash va garovga olish orqali bolalarning hayoti, erkinligini xavf ostiga qo‘yish, ta’lim va tibbiy yordam oladigan xavfsiz maskanlarni o‘qqa tutish, gumanitar yordamni to‘sish, bolalarni oziq-ovqat, dori-darmonsiz, ochlik hamda kasallik girdobida qoldirish kabi qonunbuzarliklar begunoh bolalarning hayotini izdan chiqarmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan to‘plangan ma’lumotlar asosida har yili yuqoridagi jinoyatlarni sodir etayotgan tomonlarning, ya’ni davlatlar va nodavlat qurolli guruhlarning ro‘yxati e’lon qilinadi. Bundan maqsad – jinoyatchilarni xalqaro hamjamiyat oldida nomlash, uyatga qoldirish va ularning huquqbuzarliklariga chek qo‘yishdir. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarni o‘ldirish va jarohatlashda 24 ta tomon, ularni askar sifatida ishlatishda 61 ta tomon, jinsiy zo‘ravonlik sodir etishda 30 ta tomon aybdor deb topilgan.

Har yili 4 iyun kuni xalqaro tashkilotlar ishtirokida yirik tadbirlar va vebinarlar tashkil etiladi. Ushbu kunda dunyo bo‘yicha keng qamrovli axborot kampaniyalari o‘tkazilib, urush hududlaridagi bolalar uchun xayriya mablag‘lari yig‘iladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring