Buxoroda talaba qizlar 5,9 million so‘m bilan qo‘lga olindi
Buxorodagi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil oluvchi 19–20 yoshli bir guruh qizlar oson daromad topish maqsadida nufuzli tashkilotda ishlovchi oilali erkakning shaxsiy hayotiga daxl qilish orqali uni shantaj qilishga urinishgani ma’lum bo‘ldi.
Viloyat IIB mas’ulining «Xabar.uz»ga bildirishicha, holat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilib, gumonlanuvchilar pul mablag‘ini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan va ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ta’kidlanishicha, tekin daromad topish yo‘liga o‘tgan qizlar avvaldan ko‘zlagan rejalarini amalga oshirish payiga tushishgan. Ular N.R. ismli erkak bilan internet orqali muloqotga kirishib, yozishmalarni saqlab qo‘yishgan. Keyinchalik ushbu ma’lumotlarni ish joyi hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilib, N.R.dan 500 AQSh dollari miqdorida pul talab qilishgan.
Avvaliga o‘z sha’ni va obro‘yidan qo‘rqqan N.R. qizlardan uzr so‘ragan. Shunga qaramasdan, qizlar shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, shantaj yo‘li bilan 500 AQSh dollari berishni talab qilaverishgan.
Shundan so‘ng N.R. huquq-tartibot organlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Tezkor tadbir Buxoro shahridagi «Ulgurji» bozori atrofida o‘tkazilgan. Gumonlanuvchilar talab qilingan 5 900 000 so‘mni olayotgan vaqtda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
«Qilmishimiz uchun afsusdamiz. Bu yo‘l bilan pul topishga urinish bizning eng katta xatolarimizdan biri bo‘ldi. O‘sha paytda qilgan harakatlarimizning oqibati bunchalik og‘ir bo‘lishini to‘liq anglamagan ekanmiz. Hozirda qonun oldida javob beryapmiz. Va qilmishim uchun javobgarlikni to‘liq qabul qilamiz. Bu biz uchun katta saboq bo‘ldi. Oson pul, shantaj va qo‘rqitish orqali topilgan daromad hech qachon oqibatsiz qolmas ekan, pushaymonmiz. O‘zimiz tahsil olayotgan oliygoh ma’muriyatidan ham uzr so‘raymiz»,—deyishgan qizlar.
Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Ushbu moddaga muvofiq, bu turdagi jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilganda, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter