Buxoro markazidagi gumbirlash ovozi: IIB izoh berdi
Joriy yilning 10-iyunidan 11-iyuniga o‘tar kechasi Buxoro shahar markazidagi Gulichorboh mahallasi hududida kuchli gumbirlash ovozi bilan chaqnab ketgan olov ko‘p sonli aholining osoyishtaligigi buzgan.
Buxoro viloyat IIB axborot xizmati mas’ulining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2006-yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.J. onasining tug‘ilgan kunini nishonlash va esda qolarli suratlar olish maqsadida bundan 7 oy oldin poytaxtdan olib kelingan 2 dona xavfli pirotexnika vositasini osmonga otib ishlatgan.
Qattiq gumbirlash ovozi atrofdagi aholi, ayniqsa, yosh bolalarning qo‘rquviga sabab bo‘lgan. Bu holat shu hududda xizmat olib borayotgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati xodimlari e’tiboridan chetda qolmagan. Tezkor ravishda ko‘rilgan choralar natijasida huquqbuzarlik joyida to‘xtatilgan, voqea joyida qolgan salyut qoldiqlari belgilangan tartibda hujjatlashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-prim-1-moddasi asosida (bunga ko‘ra, aybdor qilmishining ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin) ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, uning harakatlari mahalla faollari va hudud aholisi ishtirokida muhokama qilinib, qat’iy ogohlantirish berilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter