Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

103 ga kirgan «Mushtum», Kirkorovning gonorari...

103 ga kirgan «Mushtum», Kirkorovning gonorari...

O‘zbek adabiyotining birinchi romannavisi, ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy asos solgan «Mushtum» jurnali 103 yoshga kirdi (1923 yil 18 fevral). Dastlab u «Turkiston» gazetasining ilovasi sifatida chiqarilgan. Adadi 3000 dona bo‘lgan. «Mushtum» ma’no jihatidan zo‘ravonlik mushtini emas, balki adolatparvarlik mushti ekanligi haqida Qodiriy o‘shanda yozgan edi. Keyin ushbu jurnal doimiy ravishda nashr qilinadigan, sahifalarida tanqidiy-tahliliy maqolalar, feletonlar chop etiladigan bo‘ldi. Xo‘sh, «Mushtum»ning bugungi mushti qay darajada? Biz shu haqda jurnal bosh muharriri Nosirjon Toshmatov bilan suhbat qurdik.

«Mushtum» jurnali bosh muharriri Nosirjon Toshmatov. Foto: Gazeta.uz

– Nosirjon aka, «Mushtum»da kimlarning asarlari chiqmagan deysiz! Abdulla Qodiriy, G‘ozi Yunus, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon... Gazeta-jurnallar deyarli o‘qilmayotgan bugungi kunda tahririyatingizda necha nafar xodim ishlayapti va ularning vazifalari nimalardan iborat?

– Agar jiddiy o‘ylab ko‘rsangiz, «Mushtum» otlig‘ hajv-sarkardasi paydo bo‘lganidan buyon, o‘zbek adabiyotida nomi tanilgan barcha qalam ahlining ijodi jurnal sahifalari yuzini ko‘rgan. Eng jiddiy shoir Mirtemiru Maqsud Shayxzodadan tortib, Muhammad Yusufu Bahrom Ro‘zimuhammadgacha hajv kuchlarini sinab ko‘rishgan.

O‘zi iste’dod qancha yuqori bo‘lsa, uning hajv kuchi ham yuqori bo‘ladi. Bayron, Pushkinlarning epigrammalarini eslang. Qodiriyning jiddiy asarlari bilan hajviyalarini taroziga qo‘yib ko‘ring-chi, biri biridan kam kelmaydi. Matmusa-chi?.. Ulug‘ lirik shoirimizning o‘lmas qahramoni.

Bugun «Mushtum»ning aravasini 5-6 chog‘li xodim, xalqimiz ichidagi hajvchilar ko‘magida yurgizib turibmiz. Chunki, jurnalning kuchi ham, elga sevimliligi ham azaldan – uning sahifalarida el ichidagi iste’dodlarning muntazam ishtirokiga bog‘liq bo‘lgan.

– Bugun «Mushtum»dek jurnalni chiqarish oson ish emas. Xarajatlar «chaqib» qo‘yadi. Aynan shu tufayli u ma’lum muddat chiqmay ham qolgandi. Hozirgi kunda jurnal mazmun-mundarijasini nimalar tashkil etyapti?

– Allohga beadad shukurlar bo‘lsinki, millat ma’naviyati jonkuyarlari jurnalga homiylik qilib turishibdi. Ijtimoiy tarmoqlarimizda uzviy reklamani yo‘lga qo‘yganmiz. Ayni paytda xarajatlar «chaqyapti» desak, noshukurlik bo‘ladi.

Mazmun-mundarijasi – o‘z yo‘nalishidan og‘ishmay kelyapti. Lekin, bir narsaga e’tibor berishingizni istardim: keyingi paytlarda bosma nashrlardan, ahvolingiz yaxshimi, deb so‘rash tirikmisiz, degan bilan barobar bo‘lib qolgan. Hammaga oydek ravshan, bosma nashrlar – jonlantirish xonasidagi bemor ahvolida...

– Sizningcha sababi?..

– Menimcha, bosma nashrlar hali-hanuz sho‘ro davrida yaratilgan qolipdan chiqib keta olmayapti. Buning bir nechta sabablari bor. Kitob – kitobxon bilan, gazeta va jurnallar – o‘quvchilari bilan tirik. Qarang, shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxon yoshlarga mashinalar tuhfa qilindi.

Bosma nashrlar va o‘quvchilari o‘rtasidagi ko‘prikka o‘t ketganiga ancha bo‘lgan. Oddiy misol: birgina tumanda matbuot nashrlarini o‘quvchisiga yetkazib beradigan nechta gazeta do‘koni, kutubxona, kitob do‘konlari, pochta xodimlari bor edi? Obuna kampaniyasining shiddati paxta terim kampaniyasidan kam emasdi. Men majburiy obunaga tish-tirnog‘i bilan qarshi odamman. Umuman, «majbur» degan so‘zni jinim suymaydi. Ammo targ‘ibot-tashviqot va... obunani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari bo‘lar edi-ku?..

Shu o‘rinda bir kulgilik va yig‘lagulik holat esimga tushib ketdi.

2021 yili Kirkorov kelib, bitta qo‘shiq kuylaganiga 127 ming dollar qo‘shiq-haqi bergan ekanmiz. Bu – yotdi-turdi, yedi-ichdi xarajatlaridan tashqari. Tasavvur qilyapsizmi?.. Bu qo‘shiq kimning esida qoldi-yu, kim undan bahra topdi?..

O‘zi eng yomon ko‘rganim: birovning pulini hisoblash. Lekin, agarchi bu pul qorako‘zlarimizning haqi bo‘lganidan keyin, manovi ko‘ksimdagi qaysar, «Nega hisoblamasliging kerak?!» deya tinch qo‘ymaydi. Bitta shu qo‘shiqqa to‘langan haqni O‘zbekistondagi jami maktablarning har bitta kutubxonasiga o‘rtacha 20 ming so‘mlik kitobdan 700 donadan tarqatsa bo‘lar ekan.

Agar shu pul 103 yoshga kirgan «Mushtum»ga in’om qilinsa, kamida yana 103 yil bemalol jurnalni chiqarsa bo‘ladi.

– Og‘ziga kuchi yetmagan ba’zilar «Mushtum» haqida «negativchilar» deydi. Tanqidning kuchi, aniqrog‘i, achchiq haqiqatni ochib berish kerakligini tushunmaydi ular. Jurnal sahifalarida bugun qanday tanqidiy materiallar chiqyapti?

– Og‘ziga kuchi yetmaganlar, demang, aqli yetmaganlar, deng, shunda to‘g‘riroq bo‘ladi.

Qog‘oz choponi bilan ko‘rinish berayotgan «Mushtum»ning soni kamdir, lekin sifati yomon emas.

Ammo ayni chog‘da jurnalning ijtimoiy tarmoqlarda – telegram, instagram, yutube, feysbuk kanal va sahifalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Telegramda 38 ming, yutubeda 34 ming, instagramda 56 ming, feysbukda 10 ming nafar obunachimiz bor. Bu ko‘rsatkichlar bilan o‘ta maqtanib ham bo‘lmaydi, lekin boshqa tahririyatlar bilan solishtirganda, ko‘ngil ozgina osoyish topadi.

Bular albatta, uzluksiz qora mehnatning natijasi.

Ijtimoiy tarmoqlarimizda deyarli har kuni tanqidiy materiallar berib boramiz.

– Bir vaqtlar tanqidiy maqolalarda fosh etilgan idora-tashkilot va amaldorlarga nisbatan «yuqori»da keskin choralar ko‘rilgan. Bo‘ynida illati bor korchalonlar feletondan qo‘rqib, oyoqlari dag‘-dag‘ qaltiragan. Nojoiz rahbarlarni ishdan olib tashlab, hatto jinoiy ishlar ochilgani haqida eshitganmiz. Bugun-chi? «Mushtum» ko‘tarib chiqqan masala, maqolalarga munosabat qanday?

– Olmon faylasufining bir gapi bor edi: «O‘rgimchakning to‘rini katta pashshalar buzib o‘tadi. Mayda pashshalar ilinib qoladi, xolos».

Mana shunday gap!

Olmaliq shahar hokimining nogironlarga nisbatan qilayotgan nohaqligi uchun suvrati bilan, qilayotgan qing‘ir ishlarini ko‘zgu tutgandek ko‘rsatuv qilib chiqdik. Matbuotning vazifasi – ko‘zgu tutish. Na adolat posbonlaridan, na ahkomlarimizdan e’tibor bo‘ldi!

– «Mushtum» karikaturachi rassomlar bilan hamisha hamnafas. Ularni jurnalning jon ozig‘i deyish mumkin. Bir vaqtlar sahifalarni Alijon Xoliqov rasmlari to‘ldirardi. Hozirgi kunda Husan Sodiqov, Mahmud Eshonqulov, Oybek Norqulov faol. Ularga mavzularni siz berasizmi yoki bu masala ijodiy yig‘inlarda muhokama qilinadimi?

– Hasanboy Sultonov, Farruh Teshayevlar qolib ketibdi. Ular aksariyat rasmlariga mavzuni o‘zlari topishadi. Ba’zan-ba’zan men beraman.

Yangi kashf qilgan iste’dodimiz – Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanilik Oybek Norqulov, ko‘z tegmasin, juda ochildi. Kuniga 5-6 talab rasm jo‘natadi. Karikaturalari kun sayin kuchayib boryapti.

– O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev kamina bilan suhbatda «Mushtum»da ishlagan va feleton yozgan yillarini eslab, bir maslahat bergan edi. «Hech qachon qachon feleton yozmang, bundan foyda yo‘q, o‘zingizga faqat ziyon yetadi», degan edi. Bu borada siz nima deysiz?

– To‘ppa-to‘g‘ri gap. Boshqa nashrning har sonida kimnidir maqtaysiz, yangi do‘stlar, yangi oshnalar, tadbirkor tanishlar, qo‘li uzun hokimlardan do‘st orttirasiz... Bizda esa aksi, har kuni kamida bitta dushmaningiz ko‘payadi.

– Bosh muharrir, qolaversa, iste’dodli shoir va mohir qalamkash sifatida «Mushtum»ning kelajagini qanday ko‘rasiz? Rejalar qanday?

– «Mushtum»ning kelajagi – matbuotimizning kelajagiga bog‘liq!

Bitta kemadamiz...

Anvar Namozov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring