Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston YaIMi 8,5 foizga o‘sdi

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston YaIMi 8,5 foizga o‘sdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisobotini ko‘rib chiqdi.

Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov taqdim etdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining real o‘sish sur’ati 8,5 foizni, YaIM hajmi esa 1 072,7 trln so‘mni tashkil etgan.

Sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 9,2 foiz, qurilishda 13,7 foiz va qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etilgan.

Hisobot davrida Davlat budjeti xarajatlari 205,6 trln so‘mni tashkil etgan. Shundan 105,8 trln so‘mi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan.

Birinchi yarim yillikda 28,1 mlrd dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 134 foizni tashkil etgan.

Shundan 26 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eksport hajmi esa ilk bor 15,9 mlrd dollarga yetgan.

Hisobot davrida 506 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtirilgan, 2 mln 616 ming nafar aholining daromadi oshirilgan, 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati legallashtirilgan.

Shuningdek, mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratilgan 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Ko‘rilgan choralar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 4,8 foizdan 4,5 foizga, kambag‘allik darajasi ham 4,5 foizga tushgan.

Jami 2 756 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirilgan. “Ijtimoiy reyestr”dagi 227 mingta kambag‘al oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatilgan.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida qariyb 37,8 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilgan.

Savdo-sanoat palatasining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan tadbirkorlarga 70 mingga yaqin biznes xizmati ko‘rsatilgan.

Muhokamalarda deputatlar ayrim vazifalar ijrosini tezlashtirish, hududlardagi iqtisodiy imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, yaratilayotgan ish o‘rinlarining barqarorligi va daromadliligini muntazam baholab borish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini har bir mahallaning ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib tashkil etish, kichik biznes va mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish taklif etildi.

Deputatlar Davlat dasturi ijrosini faqat raqamlar bilan emas, balki amalga oshirilgan choralarning aholi turmushiga real ta’siri nuqtai nazaridan ham baholash muhimligini qayd etdi.

Savol-javoblardan so‘ng Vazirlar Mahkamasining hisoboti yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring