Ayrimlar uchun masofadan turib nikohdan o‘tishga ruxsat berildi
Joriy yil 9-apreldagi 154-son Hukumat qarori bilan ayrim hollarda nikohni qayd etishda tomonlarning masofadan turib, videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlariga ruxsat berildi.
Hujjatga muvofiq, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslarning iltimosiga ko‘ra, nikohni qayd etishda ularning ishtiroki masofadan turib videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilishi mumkin:
- nikohlanuvchi shaxslardan biri yoki har ikkalasi jazoni ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan bo‘lsa;
- nikohlanuvchi shaxslarning o‘zaro farzandi bor (otalik belgilangan) bo‘lsa.
Bunda FHDYo bo‘limi mudiri videomuloqot davomida nikohlanuvchi shaxslarga ularning o‘zaro roziliklari nikoh tuzishning asosiy sharti ekanligini, kelgusida er-xotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi, ularning nikoh tuzish uchun o‘zaro roziligi mavjudligi haqida ishonch hosil qilishga qaratilgan savollar beradi. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarni yashirish oqibatlari, shuningdek ayolni erga tegishga majbur qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantiradi.
Nikohlanuvchi shaxslar tomonidan ularga berilgan barcha savollarga aniq va to‘liq javoblar berilishi kerak. Nikohlanuvchi shaxslarning ishtiroki masofadan turib videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilganda, ularning shaxsi Face-ID tizimi orqali tasdiqlanadi va dalolatnoma yozuvining «Belgilar uchun» ustunida bu haqida tegishli belgi avtomatik ravishda kiritiladi. Videomuloqot jarayonlari «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimida qayd etiladi va kamida o‘n besh yil davomida saqlanadi.
Ma’lumot uchun, bunga qadar amaldagi tartibga ko‘ra, nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshirib kelingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter