Bo‘zatov FEST-2026: yosh baxshilar bellashuvidan fotoreportaj
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumani ayni kunlarda butun mamlakatning eng iqtidorli yoshlari jam bo‘lgan, musiqa va san’at nafasi bilan yashayotgan qaynoq maskanga aylandi.
Besh yildan buyon Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST» respublika tanlovi bu yil ham o‘z finalchilarini bag‘riga oldi. Tanlov tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichidan iborat. Unda baxshichilik, an’anaviy ijro, opera hamda estrada kabi 4 ta yo‘nalishda 3 ta yosh (10-15 yosh, 16-22 yosh, 23-30 yosh) toifasida o‘tkaziladi.
Bu yilgi mavsumida 370 ming yosh ro‘yxatdan o‘tdi. 165 nafar Respublika bosqichiga, ya’ni Bo‘zatov finaliga yetib kelgan eng sara iste’dodlar yana besh kun davomida bellashadilar.
Festivalning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 milliard so‘m: (1-o‘ringa 50 mln, 2-o‘ringa 30 mln, 3-o‘ringa 20 mln va finalning har bir ishtirokchisiga 10 million so‘mdan beriladi).
Bu yilgi festivalning eng sehrli va shiddatli lahzalari aynan baxshichilik yo‘nalishidagi bellashuvlardan boshlandi. Hududiy bosqich ishtirokchilaring ovoz imkoniyatlarini xolis baholash maqsadida Toshkent shahridan tashrif buyurgan hakamlar hay’ati yosh baxshilarning chiqishlarini nafaqat baholab bordilar, balki yo‘l-yo‘lakay o‘z takliflarini ham bildirib o‘tdilar.
Sahnada haqiqiy jonli ijro, mahoratli sozandalar guruhi va sof ovozlar bellashuvi qizigandan qizidi.
Yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan 40 nafarga yaqin yosh baxshilarning hayajoni va shijoati, o‘ziga xos jarangdor ovozi hech kimni befarq qoldirmadi. Bu esa Bo‘zatov festivali shunchaki tanlov emas, u haqiqiy yulduzlarni kashf etuvchi o‘ziga xos maktabga aylanganidan dalolat. Ortda qolgan 5 yil ichida bu sahnadan yetishib chiqqan yoshlar orasidan «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist», «Shuhrat», «Kelajak bunyodkori», «Mard o‘g‘lon» va «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sohiblari ham bor.
Suratlarga boqing: do‘mbirasini mahkam tutib, yuragidagi qo‘shiqni bor ovozi bilan aytayotgan bu yoshlarning nigohida kelajakning katta san’atkorlari namoyon bo‘lmoqda. Festival 5 iyunga qadar davom etadi, demak, Bo‘zatov hali yangi ovozlarni kashf etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter