Bo‘zatov FEST-2026: estrada yo‘nalishida qizg‘in bellashuvlar bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida start olgan «Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST» respublika tanlovi o‘zining qizg‘in pallasiga kirdi. Baxshichilik va opera yo‘nalishlaridagi murosasiz bellashuvlardan so‘ng, bugun sahna estrada yo‘nalishi ishtirokchilarini o‘z bag‘riga oldi. San’at bayramida yosh ijrochilar iqtidor va mahoratlarini namoyish etdilar.
Bu yilgi tanlovda mamlakat bo‘ylab 370 ming nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular orasidan saralangan 165 nafar eng iqtidorli ishtirokchi respublika bosqichida g‘oliblik uchun bellashmoqda.
Turli yosh toifasida bellashayotgan yosh xonandalar o‘zbek va jahon estradasining mashhur namunalarini ijro etdilar. Sahnada xorijiy qo‘shiqlar bilan bir qatorda milliy estradamizning sevimli asarlari — «Majnuntol», «Kutaman», «Arab tangosi», «O‘zbekning bolasi» kabi qo‘shiqlar ham yangradi.
Ishtirokchilarning chiqishlarini baholab borgan hakamlar hay’ati nafaqat baholar qo‘ydi, balki yosh iste’dodlarga muhim tavsiyalar ham berib o‘tdi. O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva ishtirokchilar va ularning ustozlariga murojaat qilib, repertuar tanlash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlarkan:
— Har bir bolaning ovozi, imkoniyati va yoshiga mos qo‘shiq tanlash kerak. Ba’zan o‘rin olish ilinjida juda og‘ir asarlar tanlanadi. Aslida esa ijrochining tabiiy imkoniyatlarini ochib beradigan qo‘shiqlar ko‘proq samara beradi, — dedi.
Shuningdek, ustoz san’atkor ishtirokchilarning ba’zilariga alohida e’tibor qaratib ularning ovoz imkoniyatlarini yuqori baholadi va ovozni ehtiyot qilish muhimligini ta’kidladi.
Bellashuvlar davomida sahnada nafaqat musiqa, balki tajriba almashish, ustozlar maslahati va ijodiy muloqot muhiti ham hukm surdi. Bu esa «Yoshlar ovozi» tanlovining shunchaki g‘oliblarni aniqlash emas, balki yosh iste’dodlarni tarbiyalash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim loyiha ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Festival 5-iyunga qadar davom etadi. Oldinda esa ishtirokchilarni yana yangi chiqishlar va hal qiluvchi bellashuvlar kutmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter