Ommaviy sport va sog‘lom millat strategiyasi
Millat salomatligi – mamlakat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biri. Chunki sog‘lom insongina sifatli ta’lim oladi, samarali mehnat qiladi, oilasi va jamiyati ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladi. Shu ma’noda, sportni nafaqat medallar va rekordlar maydoni, balki sog‘lom avlodni tarbiyalash, inson kapitalini mustahkamlash va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish vositasi sifatida ko‘rish bugungi O‘zbekiston siyosatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mustaqil bo‘lganimizga 35 yil to‘ldi. Mamlakatimizda sport sohasida ayniqsa so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlasak, muhim bir tendensiyani ko‘rish mumkin: sport endi faqat professionallar ishi emas, balki "ommaviy harakat va aholi salomatligini ta’minlash strategiyasi"ga aylanib bormoqda.

Sport – mahallagacha kirib borayotgan tizim
So‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti hamda qariyb 4 mingta xususiy sport klubi ish boshladi. Bu raqamlar sport infratuzilmasi endi faqat markaziy shaharlar yoki professional sportchilar uchun emas, balki oddiy fuqarolar uchun ham yaqinlashib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu jarayonning eng muhim jihati – sportning mahalla hayotiga kirib borishidir. Chunki ommaviy sportni rivojlantirish uchun katta stadionlardan ko‘ra, inson yashaydigan hududdagi qulay va ochiq sport maydonlari ko‘proq samara beradi.

Maqsad ham aynan shu: inson sport bilan shug‘ullanish uchun uzoq masofani bosib o‘tmasligi, balki o‘z mahallasida yugurishi, futbol, voleybol, basketbol yoki boshqa sport turi bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun sharoit yaratish.

Bu yo‘nalish «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ham aniq maqsadlar bilan belgilab qo‘yilgan. Strategiyaga ko‘ra, mahallalarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanish uchun kamida 5 mingta sport maydonchasi barpo etish, 7-30 yoshli yoshlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish darajasini 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda workout – sport maydonchalarini har bir mahalla, har bir ko‘p qavatli uy oldida ko‘rish mumkin.
15 millionlik qamrov – katta natija, yangi maqsadlar – yanada katta vazifa
Ommaviy sportdagi o‘zgarishlarning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri – aholining sport bilan qamrovi.
2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ommaviy sport bilan shug‘ullanayotganlar soni millionlarga yetdi. Doimiy ravishda sport bilan shug‘ullanuvchilar soni so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobarga oshgan. Oldinda turgan vazifa – bu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 17 million nafarga yetkazish.

Bu raqamlarning o‘ziyoq sport siyosatidagi yondashuv qanchalik o‘zgarganini ko‘rsatadi. Ilgari sport siyosatida asosiy e’tibor yuqori natija va chempionlar tayyorlashga qaratilgan bo‘lsa, bugun aholining o‘zi sport jarayonining asosiy ishtirokchisiga aylanmoqda.
Ya’ni strategiyaning mantig‘i oddiy: "ko‘proq odam sport bilan shug‘ullansa – sog‘lom turmush tarzi ommalashadi; sog‘lom avlod ko‘paysa – mamlakatning inson kapitali mustahkamlanadi."
Besh tashabbus olimpiadasi
Yoshlarni sportga jalb etishda ommaviy musobaqalar ham muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, «Besh tashabbus olimpiadasi» yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportni ommalashtirishning ta’sirchan mexanizmlaridan biriga aylandi.

2024 yilgi mavsumning o‘zida oliy ta’lim muassasalari talabalaridan 442 ming nafardan ziyodi mini-futbol, voleybol, stritbol, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etgan. 2025 yilda esa ushbu tizim doirasida 700 ming nafar o‘quvchi va talabani qamrab olish rejalashtirilgan.
Bu yerda e’tiborli jihat – musobaqaning o‘zi emas. Asosiy maqsad yoshlarni sportga muntazam jalb qilish, ularda jamoaviylik, intizom, raqobat va sog‘lom turmush ko‘nikmalarini shakllantirishdir.
Ommaviy sportdan – chempionlar zaxirasiga
Ommaviy sport va professional sport bir-biridan ajralgan ikki yo‘nalish emas. Aksincha, ommaviy sport – yuqori natijalar sportining poydevori.
So‘nggi yillarda professional sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni ikki barobarga oshgan. Olimpiya terma jamoalari sportchilari soni ikki barobar, paralimpiya sportchilari soni esa uch barobar ko‘paygan. 2025 yilda o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Demak, ommaviy sportga berilgan e’tibor professional sportda ham o‘z samarasini bermoqda.
Bugun «mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya» zanjirini shakllantirishga qaratilgan yondashuv ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. Iqtidorli bolani erta aniqlash, uning qobiliyatiga mos sport turiga yo‘naltirish va professional sportgacha bo‘lgan yo‘lni tizimli tashkil etish – kelajak chempionlarini tayyorlashning eng muhim shartlaridan biridir.
Endi mezon faqat medal emas
Sport siyosatidagi eng muhim yangi yondashuvlardan biri – natijani faqat medallar bilan emas, inson salomatligi bilan ham o‘lchashga intilishdir.
2026 yil aprelida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallada ommaviy sport natijadorligini aholining salomatlik ko‘rsatkichlari bilan ham baholash vazifasi belgilandi. Har bir hududda «salomatlik balansi»ni shakllantirish, sport bilan faol shug‘ullanuvchi aholi orasidan «sog‘lom hayot volontyorlari» korpusini tashkil etish rejalashtirildi.

Bu – sport siyosatida falsafiy jihatdan ham muhim burilish.
Chunki sportning eng katta g‘alabasi har doim ham podiumda emas. Ba’zan uning eng katta natijasi – kasallikning oldini olgan inson, zararli odatdan voz kechgan yosh, har kuni ertalab yugurishni odat qilgan fuqaro yoki sport bilan birlashgan mahalladir.
Sog‘lom millat – umummilliy maqsad
O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, sportga sarmoya faqat sportga qilingan sarmoya emas.
Yangi sport maydonchasi – bu yoshlar uchun yangi imkoniyat.
Yangi sport klubi – bu aholi uchun yangi sog‘lom muhit.
Ommaviy musobaqa – bu jamoaviylik va intizom maktabi.
Iqtidorli bolani aniqlash tizimi – bu kelajak chempionlariga yo‘l.

Shu ma’noda, so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan ishlar sport sohasini tubdan o‘zgartirish bilan birga, jamiyatda sportga bo‘lgan munosabatni ham yangilashga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bu jarayon endi faqat poytaxt yoki yirik shaharlar bilan cheklanib qolmayapti. Mahalla, maktab, oliy ta’lim muassasasi, xususiy sport klubi va sport federatsiyalari yagona tizimning bo‘g‘inlariga aylanmoqda.
O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida bu jarayonga bir nuqtai nazardan qarash mumkin: mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida "sog‘lom millatni shakllantirish – iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotning muhim sharti"ga aylanmoqda.
Shuning uchun ommaviy sportni rivojlantirish – bugungi kunning oddiy vazifasi emas. Bu uzoq muddatli milliy strategiya.
Zero, medallar mamlakatning sportdagi salohiyatini ko‘rsatadi. Sog‘lom avlod esa mamlakatning kelajagini belgilaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter