Paxta dalasida tuqqanmiz»: soxta matonat, ona va bola salomatligi
Illyustrativ foto
O‘zbek ayolining mehnatkashligi haqida gap ketganda, paxta dalasida tuqqani haqida yaqin-yaqingacha faxrlanib gapirgan momolarimiz yodingizdadir. Yoki bolasini belanchakka belab, quyosh tig‘ida chopiq qilgan onalar obrazi ko‘z oldingizga kelar. Jazirama yoz chillasida, chang-to‘zonli paxta dalasida va belanchakda yuziga qo‘ngan chivindan bezovta bolajon o‘sha paytlari deyarli hech kimni tashvishlantirmagan...
Pestitsidlar, salomatlik va soxta miflar
Tuqqaniga hech qancha bo‘lmagan ayolni go‘dagi bilan paxta dalasida tasavvur qilishingiz bilan yuzingizda kinoya paydo bo‘ladi, dorilangan dalada yurgan ayol, go‘dak degan iboralar yonida ona va bola salomatligini yonma-yon qo‘ya olasizmi, tasavvur qila olayapsizmi?
O‘sha paytlari ekologiya va odamlar sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan degan qarash ham aslida soxta mifdan boshqa narsa emas. Ayollar va bolalar ustidan tinimsiz zaharli o‘g‘itlar sepilgan bir davrda toza ekologiya haqida gapirishning o‘zi mantiqsizlik emasmi? Onalar baquvvat va sog‘lom bo‘lgani uchun tug‘ishda muammolar bo‘lmagan degan xayollar bilan yurganimizda, aynan o‘sha davrda go‘daklardagi raxit, onalardagi og‘ir anemiya va bo‘g‘im-suyaklarning mo‘rtlashishi bo‘yicha o‘nlab ilmiy tadqiqotlar yozilgan edi.
Tadqiqotlarni titkilashga vaqt topolmasak-da, 1970-1980 yillarda samolyotlardan DDD (dixlordifeniltrixloretan)va butifos kabi o‘ta zaharli defoliantlar ayovsiz sepilgani haqida qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlar orqali bilib olish qiyin emas. Homilador ayollar shu zaharli chang-to‘zon ichida ishladi. Bu zahar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ona sutiga va homilaga singdi. Ayollar surunkali to‘yib ovqatlanmaganligi tufayli, go‘dakdar gipotrofiya va raxitga mahkum edi. 1980 yillar oxirida O‘zbekiston qishloqlarida homilador va ko‘p bolali ayollarning 80 foizi og‘ir, surunkali anemiyadan aziyat chekardi.
Endi ayting-chi, 8-10 talab farzandni gohida egat orasida yoki uyda dunyoga keltirish matonat va sog‘lomlik edimi? Aslida «matonat» deb niqoblangan bu og‘ir qismat minglab ayollarning salomatligi evaziga kelgan, jamiyatning esa eng katta ma’naviy va tibbiy fojiasi edi.
Zamonaviy tashxislash va erta nazoratning yo‘qligi
Bir paytlar skrining yoki perinatal markazlar, oilaviy poliklinikalardagi zamonaviy UTT (UZI) apparatlari degan tushunchaning o‘zi yo‘q edi. Bo‘lajak ona uchun 9 oylik homiladorlik davri quvonch bilan birga doimiy xavotir va mudhish bir mavhumlik ichida o‘tardi.
Onaning organizmida nimalar kechayotgani, homilaning rivojlanishi, uning yurak urishi, irsiy yoki tug‘ma nuqsonlari bor-yo‘qligi mutlaqo noma’lum edi. Shunchaki «ko‘z yumib» tug‘ish, go‘dak sog‘lom tug‘iladimi yoki yo‘qmi — hammasini tavakkalchilikka topshirishdan o‘zga chora yo‘q edi.
Tibbiy xabardorlik va erta tashxisning yo‘qligi tufayli qanchadan-qancha ayollar asoratli tug‘ruqlarni boshdan kechirdi, qanchadan-qancha oilalar tug‘ma xastalik bilan dunyoga kelgan chaqaloqlarning fojiasi oldida ojiz qoldi.
Onalikni muhofaza qilishning yangi tizimi
Dunyoda inson yuragini eng tez va hayajonli urishga majbur qiladigan, bir vaqtning o‘zida eng buyuk xotirjamlikniin’om etadigan yagona maskan, bu tug‘ruqxona yo‘lagi.
Oq xalatli shifokorning xavotir va umiddan nafasini ichiga yutib turgan ayolning yaqinlariga «hammasi yaxshi ona ham, bola ham sog‘-omon!», deya xotirjam aytilgan xushxabarni hech bir so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.
Bugungi kunda yurtimizda Respublika Perinatal markazi, Skrining markazlari va ularning viloyat hamda tuman filiallari tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgani ona va bola salomatligini nazorat qilish imkonini berdi. Zanjirli tizim sharofati bilan homiladorlikning ilk haftalaridanoq ona va bola salomatligi qat’iy nazoratga olinmoqda, tug‘ma hamda irsiy kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash mexanizmi shakllandi. Homilador ayollar ahvolini muntazam nazorat qilish uchun 9000 ga yaqin doyalik shtati tashkil etilgan bo‘lib, ona va bolalar uchun har bir hududda oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punkti va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Shahar va tumanlarda zamonaviy tug‘uruq majmualari tarmog‘i yaratilgan, bolalar davolash-profilaktika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya markazi va yana 9 ta respublika muassasasi yagona tuzilmaga birlashtirilgan. Shuningdek, 4-darajali Bolalar milliy tibbiyot markazi xalqaro JCI sertifikatini oldi va uning qoshida Orolbo‘yi mintaqasi kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasi tashkil etildi.
Anemiyaga qarshi kurash va ijobiy ko‘rsatkichlar
Shuningdek, ilgari xotin-qizlarimiz va bo‘lajak onalarning deyarli 60-70 foizida uchraydigan, anemiya (kamqonlik) muammosiga qarshi tizimli kurash boshlandi. Davlat dasturlari doirasida aholiga, ayniqsa, tug‘ruq yoshidagi ayollar va homiladorlarga bepul polivitaminlar, temir va foliy kislotasi preparatlarining berilishi, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini (ayniqsa unni) boyitish tizimi sharofati bilan ayollar va bolalar orasida anemiya ko‘rsatkichi 1,5-2 baravargacha chekindi.
Faktlarga yuzlanamiz: 1991 yilda har 100 ming tirik tug‘ilgan chaqaloqqa 65,3 nafar ona o‘limi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 14,8 nafargacha pasaydi va deyarli 4,4 baravarga kamaydi. Shu bilan birga, 1 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar o‘limi 1991 yildagi 35,5 promilledan 9,0 nafarga, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi esa 48,2 nafardan 12,5 nafarga tushib, har ikki yo‘nalishda ham 3,9 baravarlik ijobiy dinamika qayd etildi. 1990 yil bilan qiyoslaganda esa 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar va chaqaloqlar o‘limi 5 baravarga, neonatal o‘lim 4 baravarga qisqardi.
Vaksinatsiya va profilaktika madaniyati
Bolalar salomatligini muhofaza qilishda zamonaviy skrining va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari alohida o‘rin tutadi. Milliy profilaktik emlash kalendari doirasida bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi muntazam emlanmoqda.
Bir paytlar qahramon onalardan biri uch nafar bolam qizamiqdan bo‘lmay qolgan, bir nafarini vaqtida emlatmaganim uchun oyoqlari ishlamaydi, deganini eshitganimda nahotki, emlash shu qadar muhim bo‘lsa, deb ajablanganim yodimda.
Bugun ayon bo‘lmoqdaki o‘sha davrlarda oddiygina poliomiyelitga qarshi vaksinaning o‘z vaqtida qilinmagani yoki sifatsizligi tufayli yurishdan mahrum bolalar ham bir avlodni tashkil qiladi. Qizamiq, difteriya, ko‘kyo‘tal yoki qoqshol kabi aslida oldini olsa bo‘ladigan yuqumli kasalliklar har ikkinchi oilada go‘daklar o‘limiga sabab bo‘lgan. Emlash madaniyatining yo‘qligi va tibbiy profilaktikaning ojizligi qanchadan-qancha norasidalarning kelajagiga, ota-onalarning orzu-umidlariga zomin bo‘lgan.
Yuqori texnologik tibbiyot va skrining amaliyoti
Yana faktlarga yuzlanamiz. Eshitish zaifligini erta aniqlash maqsadida 209 ta tug‘ruq muassasasida chaqaloqlar audioskriningi yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan yili 500 mingga yaqin chaqaloq tekshirildi. Joriy yilda 600 ming nafardan ortiq bolani eshitish bo‘yicha skrining qilish, 3 mingdan ortiq bolani chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazish va 500 dan ortiq koxlear implantatsiya operatsiyasini bajarish rejalashtirilgan. Molekulyar-genetik laboratoriyada orfan kasalliklariga erta tashxislash natijasida mukovissidozni CFTR-modulyator vositasida nishonli davolash yo‘lga qo‘yilmoqda. Yurak nuqsoni bo‘lgan 4 mingga yaqin bolada har yili budjet hisobidan kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkazilmoqda, shuningdek, buyrak, jigar hamda suyak iligi transplantatsiyasi, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarda tug‘ma qizilo‘ngach va o‘n ikki barmoqli ichak atreziyasida torakoskopik va laparoskopik amaliyotlar muvaffaqiyatli o‘zlashtirildi. Qolaversa, Prezident qaroriga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
***
Albatta, erishilgan yutuqlar va tizimli o‘zgarishlar ko‘lami salmoqli. Bugun tug‘ruqxona va oilaviy poliklinikalarda anemiyaga qarshi preparatlar, foliy kislotasi va reproduktiv saqlanish vositalari aholiga bepul tarqatilmoqda, moddiy-texnik sharoitlar yaratilmoqda. Biroq xolis qaraganda, sohada hali yechimini kutayotgan, e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan og‘riqli nuqtalar ham yo‘q emas.
Shu sababli, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmay, chekka hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish, barvaqt tashxislash va, ayniqsa, bolalar onkologiyasi bo‘yicha tizimli va manzilli chora-tadbirlarni kechiktirmasdan amalga oshirish tibbiyot sohasida eng dolzarb masalaga aylanmoqda.
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter