Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xivadagi «Qovun sayli» festivali jahon rekordini o‘rnatdi

Xivadagi «Qovun sayli» festivali jahon rekordini o‘rnatdi

Foto: Turizm qo‘mitasi

2026 yil 7-9 avgust kunlari Xivada «Ichan qal’a» va «Arda Xiva» majmualarida «Qovun sayli» festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Bu yil festivalga 186 ming nafar mehmon tashrif buyurdi, jumladan 150 ming mahalliy va 36 ming xorijiy sayyohlar.

Festivalning eng yorqin voqealaridan biri «Eng katta qovun degustatsiyasi» bo‘yicha jahon rekordining o‘rnatilgani bo‘ldi. Unda 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi.

Guinness World Records tomonidan berilgan rasmiy sertifikatga ko‘ra, rekord 2026 yil 9 avgust kuni Xiva shahrida qayd etildi. Rekordni tasdiqlash jarayonida Guinness World Records rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sheyda Subashi Gemiji ishtirok etdi.

Festivalda Xorazm viloyati tumanlari, yetakchi fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘z stendlarida o‘nlab qovun navlarini, shuningdek, viloyat mahsulotlari, texnologiyalari va yutuqlarini namoyish etdilar. Mehmonlar turli xil qovunlardan tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish va Xorazmning qishloq xo‘jaligi an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Festivalning yakuniy qismida g‘oliblar e’lon qilindi: uchinchi o‘ringa Urganch davlat universiteti, «UzAuto» Xorazm filiali, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Xorazm viloyati boshqarmasi munosib ko‘rildi, ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi band qildi, birinchi o‘rinni Yangiariq tumani hokimligi egalladi, bosh sovrin esa Xiva shahar hokimligiga nasib etdi.

«Qovun sayli» festivali Xorazm viloyatining yuqori sayyohlik salohiyatini yana bir bor tasdiqladi va agroturizmni rivojlantirish hamda mintaqaning zamonaviy va mehmondo‘st sayyohlik maskani sifatidagi obro‘sini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring