Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chorvalar orasida oqsil kasalligi xavfi sabab sanitariya oyligi e’lon qilindi

Chorvalar orasida oqsil kasalligi xavfi sabab sanitariya oyligi e’lon qilindi

Foto: Xabar.uz

2026-yil 18-apreldan 18-mayga qadar O‘zbekistonda «Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena» oyligi e’lon qilindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi. Tadbir mamlakatda chorva salomatligini saqlash va xavfli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan.

Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025–2026-yillarda 48 ta davlatda ushbu kasallikning yangi «SAT» tiplari aniqlangan. Mavjud vaksinalar esa ularga qarshi to‘liq himoya bermasligi qayd etilmoqda.

Vazirlik fermer va chorvadorlarga veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilishni tavsiya etmoqda. Xo‘jaliklarga kirish joylarida dezinfeksiya vositalarini joriy etish va nazoratni kuchaytirish talab qilinmoqda.


Shuningdek, begona shaxslar va transport vositalari kirishini cheklash, hayvonlarni toza suv va sifatli ozuqa bilan ta’minlash muhimligi urg‘ulangan. Xo‘jalik hududlarini doimiy tozalikda saqlash va zararli hasharotlarga qarshi kurashish ham asosiy shartlardan hisoblanadi.

Kasallikka shubha tug‘ilganda hayvonlar darhol izolyasiya qilinishi va mustaqil ravishda dori qo‘llanmasligi kerak. Barcha holatlarda veterinar mutaxassisga murojaat qilish shartligi ta’kidlanmoqda.

Oqsil kasalligi alomatlari sifatida yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘ida va tuyoqlarda yaralar hamda yelinda shikastlanishlar kuzatiladi. Bunday holatlarda binolarni dezinfeksiya qilish va mahsulotlarni tarqatmaslik talab etiladi.

Mutaxassislar vaksinatsiyani eng samarali chora sifatida ko‘rsatmoqda. Qoramollar yiliga ikki marta, qo‘ylar esa bir marta emlanishi lozim. Immunitet emlashdan keyin 15–21 kunda shakllanadi.

Vazirlik fermerlarni ehtiyotkorlikka chaqirib, har qanday shubhali holatda mutaxassislarga zudlik bilan murojaat qilishni so‘ramoqda. Tozalik va qoidalarga amal qilish sog‘lom chorva va barqaror daromad garovi ekani ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring