Dunyodagi eng aniq ishlovchi aeroport va aviakompaniyalar aniqlandi
2026-yil boshida dunyodagi eng aniq ishlovchi aviakompaniyalar va aeroportlar reytingi tuzildi. Aviatsiya sohasida tahlillar bilan shug‘ullanuvchi Cirium kompaniyasi «2025-yil uchun punktuallik (aniqlik) ko‘rsatkichlari sharhi»ni e’lon qildi.
Ma’lumot uchun:
- aviakompaniyalarning punktualligi — samolyotning rejalashtirilgan vaqtga nisbatan 15 daqiqadan oshmagan farq bilan manzilga yetib kelishi;
- aeroportlarning punktualligi — o‘z vaqtida amalga oshirilgan reyslar soni.
Cirium direktori Jeremi Bouen aytishicha, odatda aviakompaniyalar quyidagi muammolarga duch keladi:
- tuzilmaviy cheklovlar;
- xodimlar yetishmasligi;
- havo kengliklarining yopilishi;
- ta’minot zanjiri bilan bog‘liq muammolar;
- noqulay ob-havo.
AeroMexico (Meksika) dunyodagi eng punktual aviakompaniya deb topildi (90,02 foiz). Keyingi o‘rinlarda — Saudia (86,53 foiz, Saudiya Arabistoni) va SAS (86,09 foiz, Scandinavian Airlines System — Daniya, Norvegiya va Shvetsiyaning multimilliy aviakompaniyasi).
Mintaqaviy g‘oliblar:
- Delta Air Lines (Shimoliy Amerika) — ketma-ket beshinchi yil birinchi o‘rinni egalladi;
- Iberia Express (Yevropa) — ketma-ket uchinchi marta birinchi o‘rinda;
- Philippine Airlines (Osiyo-Tinch okeani mintaqasi);
- Copa Airlines (Lotin Amerikasi) — ketma-ket 11-marta birinchi o‘rinda;
- Safair (Yaqin Sharq va Afrika).
Dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi deb e’tirof etilgan Qatar Airways platina mukofotini qo‘lga kiritdi.
Havo bandargohlari orasida esa Istanbul xalqaro aeroporti platina mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Yirik aeroportlar orasida eng punktual aeroport — Chilidagi Arturo Merino Benites xalqaro aeroporti. O‘rtacha aeroportlar o‘rtasida — Panamadagi Tokumen xalqaro aeroporti, kichik aeroportlar orasida — Ekvadordagi Xose Xoakin de Olmedo xalqaro aeroporti eng aniq ishlovchi aeroport deb topildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter