Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport ko‘rsatkichlari pasaygan hududlar faoliyatini keskin tanqid qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi olti oyda 908 ta tadbirkor 3 milliard 600 million dollarlik shartnomalar tuzgan. Biroq hamkor davlatlardagi vaziyat o‘zgargani sababli ular hali eksportni boshlay olmagan.
Shu bilan birga, ayrim hokimlar tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish o‘rniga vaziyatni o‘z holicha qoldirgani ta’kidlandi. Bu esa eksport ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha bir qator hududlarda eksport keskin kamaygan. Xususan, Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denov tumanlarida eksport hajmi ikki barobardan ziyodga qisqargan.
Shuningdek, Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumani, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida eksport rejalari 70 foizga ham yetmagan.
Prezident mazkur hududlar rahbarlarini ogohlantirib, birinchi yarim yillikda o‘sish ta’minlanmasa, qat’iy xulosa qilinishi bildirildi.
Davlat rahbari hozirgi sharoitda eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar yangi bozor topish, aylanma mablag‘, sertifikatlash va logistika kabi muammolarni mustaqil hal qila olmayapti.
Shu bois, ushbu yo‘nalishda yagona va samarali tizim yaratish zarurligi qayd etildi. Mas’ullarga eksportni rivojlantirish bo‘yicha natijaga yo‘naltirilgan kompleks yondashuv ishlab chiqish va tegishli takliflar kiritish topshirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter