Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Emmanuel Makron: Vaziyat chidab bo‘lmas darajada...

Emmanuel Makron: Vaziyat chidab bo‘lmas darajada...

G‘azoda ochlik hukm surmoqda. 2025 yil 16 may. 

Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron G‘azo sektorida gumanitar inqiroz chidab bo‘lmas darajaga yetgani haqida bayonot berdi.

«G‘azodagi gumanitar vaziyatni aslo qabul qilib bo‘lmaydi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, ziddiyat boshlanganidan buyon hech kuzatilmagan holat hukm surmoqda», – dedi Makron 16-may kuni Albaniyada Yevropa yetakchilari uchrashuvida.

Fransiya rahbariga ko‘ra, ayni vaqtda Yevropa davlatlari uchun Isroil hamda HAMAS o‘rtasida otashkesimga erishish va insonparvarlik ko‘magi yetkazishni tiklash ustuvor maqsad hisoblanadi.

Makron G‘azodagi og‘ir vaziyatni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muhokama qilishini qayd etgan.

Joriy hafta seshanba kuni Fransiya rahbari Isroilning G‘azo sektoridagi siyosatini «sharmandali» deb baholagan va Yevropa Ittifoqi yahudiy davlati bilan hamkorlik bitimini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligiga ishora qilgan edi.

«Bu dahshat... Na suv bor, na dori-darmon. Jarohatlanganlarni ham xavfsiz joyga ko‘chira olishmayapti. Qat’iy ravishda aytamanki, Binyamin Netanyahu hukumatining xatti-harakatlari nomaqbuldir», – degan edi fransuz yetakchisi. 

Prezident Makron avvalroq Fransiya Falastin davlatini tan olishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Parij joriy yil iyun oyida Saudiya Arabistonida o‘tadigan ikki davlat (Isroil va Falastin) muammosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qilishi mumkin.

Isroil qariyb uch oydan buyon G‘azo sektorini to‘laqonli qamalda tutib turibdi. Hududga suv, oziq-ovqat va dori-darmon kirishi butkul to‘xtatilgan.

Xalqaro tashkilotlar G‘azodagi 2,3 mln aholi ochlik, tashnalik va turli xastaliklardan aziyat chekayotgani haqida bong urmoqda. Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Adhanom Gebreyesus oziq-ovqat va dori-darmon G‘azo sektoridan bir necha daqiqalik masofada ushlab turilgani holda, o‘lim soni oshib borayotgani haqida bayonot bergan.

YuNISEFning ijrochi direktori Ketrin Rassel G‘azodagi bir milliondan ziyod bolalar hayotiga ochlik tahdid solayotganini ma’lum qilgan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 53010 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning asosiy qismi bolalar va ayollardir.

Isroil armiyasi G‘azo sektorida 15-may kuni uyushtirgan bombardimonlarda kamida 103 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring