Germaniyadagi harbiy muzey 26 ta davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolariga ham kirishni taqiqladi
Germaniyaning Koblens shahrida joylashgan harbiy texnika muzeyi 26 davlat fuqarolari, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun kirishni taqiqladi.
Muzey ma’lumotiga ko‘ra, kiritilgan cheklovlar Germaniyada amalda bo‘lgan xavfsizlikni tekshirish to‘g‘risidagi qonun talablari bilan bog‘liq. Gap shundaki, mazkur muzey oddiy ekspozitsiya emas – u Germaniya qurolli kuchlari (Bundesver) tizimiga qarashli ob’yekt hisoblanadi.
Shu sababli, muzey hududi ayrim harbiy texnologiyalar, texnika namunalari va strategik ahamiyatga ega ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Qonunga ko‘ra esa xavfsizlik nuqtai nazaridan «xatarli» yoki qo‘shimcha tekshiruv talab etiladigan davlatlar ro‘yxati shakllantirilgan. Mazkur ro‘yxatga kirgan mamlakatlar fuqarolariga bunday ob’yektlarga erkin kirish cheklanishi mumkin.
Ya’ni cheklov aniq bir davlatga qarshi emas, balki umumiy xavfsizlik siyosati doirasida qabul qilingan qaror hisoblanadi.
Taqiq qo‘yilgan davlatlar qatoriga Afg‘oniston, Jazoir, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Gruziya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, KXDR, Kuba, Laos, Livan, Liviya, Moldova, Pokiston, Rossiya, Sudan, Suriya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O‘zbekiston va Vetnam kiritilgan.
Mazkur muzey Yevropadagi eng yirik harbiy texnika kolleksiyalaridan biri hisoblanadi. U 1960-yillarda tashkil etilgan bo‘lib, 1982 yildan buyon Koblens shahrida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ekspozitsiyada turli davrlarga oid harbiy texnika namunalari jamlangan. Ular orasida Birinchi jahon urushi davrida ishlab chiqilgan fransuz tanki Renault FT 17, Germaniyaning Leopard 1 tanki, shuningdek NATOga tegishli texnika namunalari ham bor.
Shuningdek, muzeyda o‘qotar qurollar, artilleriya tizimlari, raketalar va boshqa harbiy jihozlar ham namoyish etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter