Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil xalqaro maydonda o‘z imijini yaxshilash yo‘lini topdi

Isroil xalqaro maydonda o‘z imijini yaxshilash yo‘lini topdi

Foto: Reuters

Isroil hukumati 2026-yilda dunyo bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun 725 million dollar (2,35 milliard shekel) miqdorida mablag‘ sarflaydi. The Jerusalem Post gazetasi yozishicha, mamlakat moliya vaziri Betsalel Smotrich va tashqi ishlar vaziri Gideon Saar budjet loyihasi bo‘yicha murosaga erishgan.

Umuman, Isroil davlatining kelgusi yildagi yalpi budjeti 204 milliard dollarni tashkil etadi. Bundan 34,6 milliard dollari mudofaa maqsadlariga yo‘naltiriladi.

TRT nashri Tel-Aviv ma’muriyati 2026-yilda propaganda loyihalari uchun mablag‘ni 20 baravarga oshirganiga e’tibor qaratgan.

Gap shundaki, G‘azo sektoridagi ikki yillik urushda minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilgani, bo‘lga butunlay vayron etilgani ortidan Isroil nafaqat musulmon dunyosi, balki G‘arb olamida ham obro‘-e’tiborini boy berdi.

Yangi rejaga ko‘ra, Isroil tashqi ishlar vazirligi mamlakat imijini dunyo ahli ko‘z o‘ngida yaxshilash maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda propaganda kampaniyasini olib boradi.  

Avvalroq “The New York Times” gazetasi Isroil davlatining diaspora masalalari bo‘yicha vazirligi AQSh qonun chiqaruvchilari va jamoatchiligi orasida propaganda kampaniyasini o‘tkazish uchun 2 million dollar ajratgani haqda xabar bergandi.

Vazirlik siyosiy targ‘ibot uchun Stoic firmasini yollagan. Ushbu kampaniya doirasida Isroil 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azo sektorida olib borayotgan urush yuzasidan AQSh jamoatchiligining xayrixohligini kuchaytirish maqsad qilingan.

Shu maqsadda X, Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar ochish va Tel-Avivning G‘azodagi harakatlarini dastaklovchi, Vashingtonning Tel-Avivga harbiy ko‘magini kuchaytirishga targ‘ib etuvchi postlar chop etish ko‘zda tutilgan. Matbuot xabariga ko‘ra, Stoic firmasi soxta yangiliklar saytlarini ham yaratgan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan keyin, ikki yil davomida kamida 70365 nafar falastinlik o‘ldirildi. 2025-yil 10-oktyabr kungi otashkesim bitimidan keyin ham Isroil hujumi oqibatida 376 nafar falastinlik halok bo‘lgan.

Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan.

Joriy yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.

Isroilning amaldagi hukumati olib borayotgan jangovar siyosat va xunrezlik amaliyotlari hatto yahudiylar tomonidan ham tanqid qilinmoqda. Bir necha oy avval Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti – B’Tselem hamda Physicians for Human Rights mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etishda ayblagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring