Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahkumlar mahsulotlarni onlayn xarid qilishi mumkin bo‘ladi

Mahkumlar mahsulotlarni onlayn xarid qilishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumlarga ruxsat etilgan mahsulot va buyumlarni onlayn xarid qilish imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda. Bu Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish kiritish haqidagi buyruq loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, mahkumlar va ularning yaqinlari ruxsat etilgan mahsulotlarni jazoni ijro etish muassasasi ichidagi infokiosklar, shuningdek, muassasa tashqarisidagi sayt yoki mobil ilova orqali onlayn sotib olishi mumkin bo‘ladi. An’anaviy tarzda posilka va yo‘qlov qabul qilish imkoniyati ham saqlanib qoladi.

Belgilangan miqdordan ortiq, ammo taqiqlanmagan buyumlar muassasa omborida saqlanadi. Zarur hollarda ular mahkumning arizasi asosida beriladi. Mahsulotlarning ruxsat etilgan turi hamda qadoqlash talablariga rioya etilishi jazoni ijro etish muassasasi tomonidan nazorat qilinadi.

Hujjat bilan mahkumlar sotib olishi va yonida saqlashi taqiqlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari, shaxsiy gigiyena vositalari, kiyim-kechak, xo‘jalik va kanselyariya buyumlari hamda boshqa kundalik ehtiyoj mahsulotlarining yangilangan ro‘yxatini tasdiqlash nazarda tutilgan.

Ro‘yxatga, shuningdek, ruxsat etilgan adabiyotlar, darsliklar, gazeta va jurnallar, diniy adabiyot va ibodat buyumlari, sport hamda stol o‘yinlari, shaxsiy xatlar va fotosuratlar kabi buyumlar ham kiritilgan. Ayrim mahsulotlarga sanitariya va gigiyena talablaridan kelib chiqib mavsumiy cheklovlar o‘rnatilishi mumkin.

Yana bir muhim o‘zgarishga ko‘ra, manzil-koloniyalarda jazo o‘tayotgan mahkumlarga mahsulot sotib olish va ularni yonida saqlash bo‘yicha vazn hamda miqdor cheklovlari — oylik limitlar tatbiq etilmaydi.

Loyiha Vazirlar Mahkamasining jazoni ijro etish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga oid qarori asosida ishlab chiqilgan.

Hujjat Bosh prokuratura, Oliy sud, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan. Buyruq qabul qilinsa, rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring