Makronning yadroviy tashabbusi: Germaniya ham jarayonga qo‘shildi
Yevropada xavfsizlik masalalari yana kun tartibining markaziga chiqmoqda. Fransiya va Germaniya qit’adagi yadroviy tiyib turish tizimini kuchaytirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Germaniyaning Der Spiegel nashri ma’lumotiga ko‘ra, birinchi uchrashuv 27-may kuni Parijda bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralarda Germaniya kansleri Fridrix Mersning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gyunter Zautter ishtirok etgan. Tomonlar Yevropa xavfsizligi, mudofaa hamkorligi va Fransiya boshchiligidagi yadroviy himoya konsepsiyasini muhokama qilgan. Keyingi uchrashuv 4-iyul kuni Germaniya hududida o‘tkazilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Germaniya harbiylari yaqin oylarda Fransiyaning yadroviy mashg‘ulotlarida dastlab kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin. Keyinchalik Bundesver yadroviy qurol bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan logistika va qo‘llab-quvvatlash vazifalarida ishtirok etishi ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.
Bu jarayon Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mart oyidagi bayonotidan keyin tezlashgan. Makron Fransiya «ilg‘or yadroviy tiyib turish» bosqichiga o‘tayotganini ma’lum qilib, yadroviy kallaklar sonini oshirish va Yevropa davlatlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish rejasini e’lon qilgan edi.
Tashabbusga hozircha Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Gretsiya, Shvetsiya, Daniya va Norvegiya qo‘shilgan.
Kuzatuvchilar fikricha, Yevropa davlatlari so‘nggi geosiyosiy keskinliklar, Rossiya–Ukraina urushi va AQSh siyosatidagi o‘zgarishlar fonida xavfsizlik sohasida mustaqilroq pozitsiya shakllantirishga harakat qilmoqda. Shu sababli Fransiyaning yadroviy salohiyatini umumevropa xavfsizlik tizimi bilan uyg‘unlashtirish masalasi tobora dolzarblashmoqda.
Mutaxassislar bu jarayon Yevropa mudofaa siyosatida yangi bosqichni boshlab berishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ayni paytda, yadroviy masalalar atrofidagi bunday faollik qit’adagi harbiy-siyosiy raqobatni yanada kuchaytirishi ehtimoli ham istisno qilinmayapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter