Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Medvedev hibsdagi Maduroning taqdiri qanday yakunlanishini bashorat qildi

Medvedev hibsdagi Maduroning taqdiri qanday yakunlanishini bashorat qildi

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning AQSh tomonidan o‘g‘irlanishi va hibsga olinishini «surbetlik», «qabihlik» va «xalqaro munosabatlardagi falokat» deb atadi.

Rossiyaning sobiq prezidenti venesuelalik hamkasbining taqdiri qanday kechishini ham bashorat qilgan.

«Bugun ikki ssenariy mavjud, xolos: yo AQSh Venesuelaning o‘g‘irlab ketilgan prezidentini xayrli bahonalar bilan imi-jimida ozod qiladi (buning ehtimoli kam), yo Maduro Lotin Amerikasining yangi Mandelasiga (JARning atoqli davlat arbobi, 27 yil qamoqda o‘tirgan Nelson Mandela nazarda tutilmoqda — tahr.) aylanadi (buning ehtimoli katta). U holda uning nomi (Simon) Bolivar, (Fransisko) Miranda va (Ugo) Chaves (venesuelalik inqilobchi arboblar — tahr.) bilan bir qatorda Janubiy Amerika tarixi zarvaraqlariga bitiladi. Tramp o‘jarlik qilib Maduroni afv etmagan taqdirda ham, jamoatchilik bosimi ostida Vens yoki uning vorisi shunday yo‘l tutsa ajab emas», — deb yozdi Dmitriy Medvedev Telegramdagi rasmiy sahifasida.

Rus siyosatchisining fikricha, Venesuela rahbarini o‘g‘irlashdan ko‘zlangan maqsad neft omili, ammo unga egalik qilish AQShga oson bo‘lmaydi.

«Xo‘sh, Venesuelaning hozirgi hukumati neftni amerikaliklar bilan bo‘lishishni istamasa-chi? Nima, Tramp chindan ham quruqlikda amaliyot boshlaydimi? Kongress ruxsatisiz ish chiqmaydi va bu galgi amaliyot Maduroning surbetlarcha o‘g‘irlashdan ko‘ra qonliroq kechadi. Senat esa kuni kecha Trampning militaristik ishtahasini jilovlash uchun uning bo‘yniga sirtmoq tashladi», — dedi Medvedev.

Avval xabar berganimizdek, 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.

Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

5-yanvar kuni Nyu-York federal sudida bo‘lib o‘tgan ilk mahkama majlisida Nikolas Maduro o‘zining aybsiz ekanini aytgan. Sudya Maduro va Floresni hibsda saqlashni buyurgan va keyingi sud majlisini 17-martga belgilagan.

The Washington Post gazetasi yozishicha, Rossiya Nikolas Maduroga siyosiy boshpana berish niyatida ham bo‘lgan.

Bu borada AQSh rasmiylari bilan muzokaralar 2025-yil dekabr oyida Vatikan davlat kotibi Petro Parolin tomonidan olib borilgan. Ammo Vashington Vatikanning maxfiy so‘rovini rad etgani aytilmoqda.

Dmitriy Medvedev o‘z bayonotida AQSh tomonidan Rossiya bayrog‘i ostidagi kema hibs etilganini ham qoralagan va bu harakatga javoban xalqaro dengiz huquqi me’yorlarini buzish lozimligiga ishora qilgan.

Ma’lumot o‘rnida: AQSh 7-yanvar kuni Shimoliy Atlantikada Marinera tankeri hibs etilganini e’lon qildi. Prezident Donald Tramp sanksiyasiga duchor bo‘lgan tanker Venesuela neftini noqonuniy ravishda tashishga uringani aytilmoqda.

Rus siyosatchilari Rossiya bayrog‘i ostida harakatlanayotgan tankerning qo‘lga olinishiga javoban AQShning tavbasiga tayantirishni talab qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring